Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

Qoʻshimcha tafsilotlar: 7 yashar qizni ammasi o‘ldirganmi yoki ammaning qizi?

Ayblanuvchining turmush o‘rtog‘i ham 3 oydan beri o‘zga yurtda ishlayotgan boʻlgan. “Ayolimning achchig‘i chiqqan paytda miyasi uvushadi. Bunday paytda hech narsani bilmaydi”, deydi erkak.

2 daqiqa o‘qiladi

Qoʻshimcha tafsilotlar: 7 yashar qizni ammasi o‘ldirganmi yoki ammaning qizi?

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.

Bildirilishicha, Bekobod tumani Zafar shaharchasida yashovchi er-xotin ikki nafar qizini Bo‘ka tumanida yashovchi singlisi N.I. qaramog‘iga ishonib topshirgan va Rossiyaga ishlagani ketgan. Ota-onasi xorijda ishlab yurganda, bolalar har kuni kaltak yeb, ammasi tarafidan zulm ko‘rgan. 

Dars tayyorlamagan va yolgʻon gapirganligi vaji bilan

Joriy yilning 12-mart kuni soat 01:00 da vasiylikka ishonib berilgan ayol qarindoshlarining kichik qizi, 2017 yilda tug‘ilgan Ch.A.ning dars tayyorlamagani va yolg‘on gapirganini vaj qilib, o‘zini qizning mazkur xatti-harakatlari uchun go‘yoki jazolayotgandek ko‘rsatib, o‘ta shafqatsizlik bilan uning tanasining turli joylariga qo‘llari va yog‘och bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Ayol qizi kaltaklaganini aytgan

Ma’lum bo‘lishicha, ayol yon qo‘shnisiga kichik jiyanini o‘zi emas, balki uning to‘ng‘ich qizi kaltaklaganini va shu sabab u zudlik bilan shifoxonaga jo‘nab ketayotganini aytgan.

“Telefon qilib yig‘ladi. Kecha qaynanamni tabriklagani ketganimda Nozima Charosni urgan ekan, hozir hushidan ketib, jonlantirish bo‘limida yotibdi, dedi. Asli o‘zi urganakan", deydi qo‘shni ayol.

Ayblanuvchining turmush oʻrtogʻi ham xorijda

Ayblanuvchining turmush o‘rtog‘i ham 3 oydan beri o‘zga yurtda ishlayotgani bois yaqinlaridan bu xabarni eshitgan zahoti ortiga qaytgan. 

“Ayolimning achchig‘i chiqqan paytda miyasi uvushadi. Bunday paytda hech narsani bilmaydi”, deydi erkak. 

Bolaning ota-onasi ham yetib kelolmagan

Qizaloq tuman markaziy shifoxonasiga kaltaklangan kunning ertasiga butun tanasi momataloq ahvolda o‘z ammasi tomonidan olib kelingan. 

Mazkur holat yuzasidan 12-mart kuni Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 13- mart kuni ayol ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. 

Oradan ikki kun o‘tib, 15- mart kuni tuman markaziy tibbiy birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, qizaloq jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Bolaning ota-onasi janozaga ham yetib kelolmagan.

Onamga ayting, men uni yaxshi ko‘raman, bizni tashlab Rossiyaga ketmasinlar

Shifokorlarning bildirishicha, qiz “onamga ayting, men uni yaxshi ko‘raman, bizni tashlab Rossiyaga ketmasinlar", deya jon taslim qilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.