Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 89 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +20° kechasi +10°

AQShda 14 shtat Donald Tramp va Ilon Maskka qarshi sudga murojaat qildi

Da’vo arizasida rasmiylar sudyadan Ilon Maskning federal agentliklarni qisqartirish yoki boshqa yo‘llar bilan isloh qilish vakolatlarini hech bo‘lmaganda vaqtincha to‘xtatishni so‘ramoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Trump and Musk

AQShda 14 shtat Prezident Donald Tramp va Ilon Maskka qarshi federal sudga da’vo arizasi kiritdi. Ular Maskning yangi hukumat samaradorligi departamenti rahbari sifatidagi vakolatlari qonunga zid ekanini da’vo qilishmoqda, deb xabar bermoqda ABC News.

“Maskning vakolatlari vaqtincha cheklansin”

Sudga taqdim etilgan da’vo arizasida 14 shtat rasmiylari sudyadan Ilon Maskning federal agentliklarni qisqartirish yoki boshqa yo‘llar bilan isloh qilish vakolatlarini hech bo‘lmaganda vaqtincha to‘xtatishni so‘ramoqda.

Ularning ta’kidlashicha, Mask hech qanday Senat tasdig‘isiz hukumatning moliyaviy va tashkiliy qarorlariga aralashib, federal idoralarni qisqartirish yoki yo‘q qilish huquqiga ega bo‘lib qolmoqda. Da’vogarlar bunday keng vakolatlar Konstitutsiyaga zid ekani va ijro hokimiyati chegaralarini buzayotganini ilgari surib, suddan Maskning hukumatdagi rolini cheklashni talab qilmoqda.

Bu Konstitutsiyaga zid

Shikoyatchi shtatlarning fikriga ko‘ra, bu jarayon oddiy bir islohot emas, balki Konstitutsiyani buzishning aniq namunasi. Agar Mask rasmiy tasdiqlovsiz keng vakolatlarga ega bo‘lsa, bu kelajakda boshqa saylanmagan shaxslar uchun ham xavfli presedent yaratishi mumkin.

Mask nomzodi Senat tasdig‘idan o‘tmagan

Konstitutsiyaga ko‘ra, keng vakolatli hukumat amaldorlari Senat tomonidan tasdiqlanishi shart. Mask esa hukumatning moliyaviy va tashkiliy qarorlarini mustaqil qabul qilayotgan shaxsga aylangan, ammo uning nomzodi Senat tasdig‘idan o‘tmagan. Shtatlar buni hokimiyat taqsimotiga putur yetkazuvchi jarayon deb baholamoqda.

Mask va Tramp ma’muriyatining pozitsiyasi esa mutlaqo boshqacha. Ular bu da’voni hukumatdagi isrofgarchilik va korrupsiyaga qarshi kurashni to‘xtatishga qaratilgan siyosiy harakat deb hisoblashmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Mask samarasiz ishlayotgan davlat idoralarini optimallashtirib, ortiqcha byurokratiyani yo‘qotishga harakat qilmoqda.

Maskning hukumat ustidan ta’siri ortib bormoqda

Shu bilan birga, Maskning hukumatdagi roli bo‘yicha savollar ortib bormoqda. Federal sudlar allaqachon uning ayrim vakolatlarini vaqtincha cheklash haqida qaror chiqardi. Masalan, Moliya va Ta’lim vazirliklari Maskka oid agentliklarning ma’lumotlarga kirish imkoniyatini cheklash uchun sudga murojaat qilgan. Bu esa Maskning hukumatga haddan tashqari aralashayotgani va qonuniy cheklovlarsiz harakat qilayotgani haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

Shuningdek, Mask federal xodimlarni ishdan bo‘shatish borasida ham keng vakolatlarga ega ekani uchun sudga tortilgan. Ayrim shtatlar va federal agentliklarning ta’kidlashicha, bu jarayon hokimiyat balansini o‘zgartirib, kelajakda prezidentlarga hukumat tuzilishini hech qanday parlament nazoratisiz o‘zgartirish imkonini berishi mumkin.