$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Chet eldagi o‘zbekistonliklar mojarosi

flag uzb

2024-yil boshlanganidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda chet elda yashaydigan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq xabarlar ko‘p ko‘zga tashlandi. Eng ko‘p uchragan yangiliklar “qora” xabarlar bo‘ldi. Ularning orasida qurbon bo‘lganlari ham, qotillari ham, jinoyatchilari ham bor. Deportatsiya qilinganlarni-ku gairmasa ham bo‘laveradi.

Garovdagi o‘zbekistonlik

Yil boshlanishi garovga olingan o‘zbekistonlik bilan boshlandi. Unga ko‘ra, Dubay shahrida o‘zbekistonlik J.T. noma’lum guruh tomonidan garovga olingan edi. Jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari orqali BAAning Bosh konsulligiga yo‘llangan murojaatga ko‘ra, J.T. bir guruh shaxslar tomonidan Dubay shahridagi noma’lum manzilda majburiy tarzda ushlab turilgan va undan jami 200 ming AQSh dollari pul talab qilingan. Ushbu mablag‘lar aytilgan vaqtda va manzilga keltirilmagan taqdirda J.T.ning joniga qasd qilish bilan qo‘rqitib kelingan.

Bosh konsulxona xodimlari va Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan birgalikda amalga oshirilgan tadbir natijasida J.T. ushlab turilgan manzil aniqlanib, ozodlikka chiqarilgan.

Turkiyadagi baronessa

Keyingi voqea esa “Madam Klod” bilan bog‘liq. Unda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 40 yoshli o‘zbekistonlik Nilufar Mirxonova qo‘shmachilikda ayblanib, Turkiyada hibsga olingan. O‘sha paytda Turkiya tomonindan “Qafas-48” operatsiyasi o‘tkazilayotgan edi. Shuning orqasidan Nilufar Mirxonova Chanoqqal’a viloyatida qo‘lga tushgan.

Mirxonova Turkiyaga Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan fohishalar olib kelib, ularni fohishaxonalarga sotish bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan. Turk nashrlariga ko‘ra, u bu faoliyati orqali oyiga 1 mln liradan olib turgan. Turk matbuoti Nilufar Mirxonovaga “Fahsh baronessasi” va “Madam Klod” deb nom bergan.

Mazkur operatsiya davomida Nilufar Mirxonova bilan birga yana 7 ta o‘zbekistonlik qo‘lga olingan edi. Ular uyushgan jinoiy guruhlar, giyohvand moddalar kontrabandasi, talonchilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan.

YTH oqibatida vafot etgan 8 o‘zbekistonlik

11 yanvarga o‘tar kechasi Rossiyaning Penza oblasti Nijnelomovsk rayonida Volvo rusumli yuk mashinasi hamda miniven o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. RF tergov qo‘mitasi YTH oqibatida minivendagi yetti kishi, jumladan mashina haydovchisi ham voqea joyida halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Aniqlangan ma’lumotlarda minivenda O‘zbekiston fuqarolari harakatlangan.

RIA Novosti o‘z manbasiga tayanib xabarida esa hodisa qurbonlari soni sakkiz nafarni tashkil etgani aytilgan. Jabrlangan ikki kishidan biri shifoxonaga olib borish vaqtida jon bergan, yana biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Interpol “o‘ljasi”

Shuningdek, yanvar oyida Turkiya huquq-tartibot idoralari 12 davlatda Interpol xabarnomasi asosida qidiruvda bo‘lgan jami 42 nafar shaxsni qo‘lga olgan edi. Unga ko‘ra, Turkiyaning 13 viloyatida o‘tkazilgan “Kafes-31” operatsiyasi doirasida gumondorlar ushlangan. Operatsiya Razvedka va xavfsizlik bosh boshqarmasi, Kontrabanda va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hamda Turkiya Ichki ishlar vazirligining Interpol-Yevropol departamenti hamkorligida o‘tkazilgan.

Gumonlanuvchilar Germaniya, Ozarboyjon, Bosniya va Gersegovina, Eron, Shvetsiya, Finlyandiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Misr, Rossiya, Turkmaniston va O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra qidiruvga berilgan. Qo‘lga olingan o‘zbekistonliklarning soni va ismi-sharifi xabarda keltirilmagan.

Yerliqoya qo‘lga olinganlarning uyushgan jinoiy guruhga a’zolik, noqonuniy qurol savdosi, giyohvand moddalar savdosi, qasddan odam o‘ldirish, noqonuniy migratsiya, moliyaviy firibgarlik, talonchilik va o‘g‘irlik, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi jinoyatlar bilan bog‘liqligini tasdiqlagan edi.

Hindistonda o‘lgan farg‘onalik

23-yanvarda esa Hindistonning Haryana shtati, Sonipat shahridagi dam olish maskanlaridan birida o‘zbekistonlik ayol jasadi topilgan. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Sonipat shahri politsiyasi bilan bog‘lanib, voqea tafsilotlarini aniqlab olingan.

Qayd qilinishicha, marhum farg‘onalik M.A. ismli 32 yoshli ayol bo‘lib, u va yana bir shaxs is gazidan zaharlangani taxmin qilingan.

Ikki davlat hamkorligida qo‘lga olinganlar

Ikki ayolning fohishabozlik bilan shug‘illanganlik masalasi. Unda O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida joriy yilning 10-yanvar kuni 1985-yilda tug‘ilgan Dilnoza Umarova va 2017-yildan buyon Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan 1983-yilda tug‘ilgan Mavluda O‘lmasovalar Turkiyada qo‘lga olingan. Ularning ikkisiga ham odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblangan. Ikkisi ham Istanbul shahridagi bosh konsulxona xodimlari ishtirokida Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Qarovsiz qolgan ikki qiz

Asli qashqadaryolik bo‘lgan, Rossiyaning Moskva viloyatida ishlab yurgan ayol giyohvand modda savdosida gumonlanib, ushlangan. Manbaga ko‘ra, u 4 oy oldin Qozon shahrida qo‘lga olingan. Holatning aniq tafsilotlari hozircha ma’lum emas.

Ayol ikki qizi bilan yashagan. U ushlangach, qizlari qarovsiz qolgan. Ayolning tanishlari O‘zbekistonga qo‘ng‘iroq qilib, qizaloqlarning bobosi va tog‘asi bilan gaplashishgan. Ular bolalarni O‘zbekistonga jo‘natib yubormoqchi bo‘lishgan. Ammo negadir ularni na bobosi, na boshqa yaqinlari qabul qilishni istamagan.

Shundan so‘ng Bolalar Ombudsmani tomonidan ikki qizga guvohnoma rasmiylashtirilib, O‘zbekistonga olib kelingan va davlat qarmog‘iga olingan.

O‘zbekistonlikka suiqasd

Yana bir voqea. 20-fevral kuni Sankt-Peterburg shimolidagi Pargolovo qishlog‘idagi Viborg shossesida o‘zbekistonlik taksi haydovchisiga killer tomonidan hujum qilingan. Shundan so‘ng, Rossiya Tergov qo‘mitasi qotillikka suiqasd moddasi bo‘yicha jinoyat ishini ochgan edi.

Qayd qilinishicha, qotil qora rangli Toyota Camry mashinasida bolalarni 622-sonli gimnaziyaga olib kelgan 42 yoshli o‘zbekistonlik taksichi Rustambek Aldayevning boshiga to‘pponchadan o‘q uzgan. Tergov qo‘mitasi e’lon qilgan kadrlarda yuzini qalpoq ostiga yashirgan erkak haydovchiga yaqinlashib, bola va o‘tkinchilarning ko‘z o‘ngida unga o‘q uzganini ko‘rish mumkin.

Qo‘lga tushgan giyohfurush

27-fevral kuni Bosh konsulxona Turkiyaning Istanbul shahrida jinoyat qilganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ushlanligi haqida xabar bergan edi. Xabarga ko‘ra, u Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. 1979-yilda tug‘ilgan Z.F. giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan.

Deport bo‘lgan 74 o‘zbek

Mart oyi esa AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytishi bilan boshlandi. Bu haqda Uzreport telekanali reportaj tayyorlagan edi.

Ma’lum qilinishicha, ularning ko‘pchiligi Meksika orqali Amerikaga o‘tgan. Shuningdek, bir qancha boshqa davlatlar orqali borgan fuqarolar ham bor. AQShga borgan fuqarolar o‘z boshidan o‘tgan qiyinchiliklarini so‘zlab bergan.

“Bagajimni yo‘qotib, to‘satdan Madridga uchganman. Ushbu shaharda chipta yo‘qolib qolib, 14 kun davomida 400 o‘zbek Madridda “xor bo‘lgan”. Shu yerdan Turkiyaga deport qilinganmiz. Keyinchalik Guatemalaga bordik va yana harakat qilib ko‘rdik. Ikki marta chegaradan qaytarilib, immigratsion joyda ikki sutka yotganman.

Venesuela fuqarolari bilan piyoda 3 kun yurganmiz. U yerda ham qochdik, yurdik, o‘liklarni ham hamma narsani ko‘rdik. Maslahat bermayman, Amerika shunchaki reclama”, — deya ta’kidlagan ulardan biri.

U bu yo‘lda 10 ming dollarga yaqin puli ketganini aytgan.

“Iyulda uyimdan chiqqan bo‘lsam, avgust oyida men ushbu davlatga yetib bordim. Lekin ishlay olmadim. Pul sarflab, sarflab qaytdik. Bormoqchi bo‘lganlarga maslahatim –bormanglar. Bu shunchaki reklama. Kasallik orttirib qaytasiz. Hammasi yolg‘on”, — degan edi.

Nyu-York politsiyasi tomonidan otilgan o‘zbekistonlik

Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik erkak 8-mart kuni xotiniga pichoq o‘qtalib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan o‘zbekistonlik erkak politsiya xodimlari tomonidan otib tashlangan. Nyu-Yorkning Kvins dahasida uyushtirilgan tadbirda samarqandlik ekani aytilayotgan er-xotin Jamshid Ne’matov va Amira Ne’matova janjallashib qolgan. Janjal asnosida erkak xotiniga pichoq bilan zarba bergan va uni og‘ir jarohatlagan.

Voqea joyiga yetib kelgan Nyu-York politsiyasi xodimlari jahl otiga mingan erkakdan qo‘lidagi pichoqni tashlashni talab qilgan. Oila boshlig‘i talabga bo‘ysunmagach, politsiya xodimlari unga o‘q uzishga majbur bo‘lgan. Oqibatda asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Jamshid Ne’matov halok bo‘lgan. Uning jarohatlangan xotinida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Rossiyadan Turkiyaga estraditsiya qilingan o’zbek

Shuningdek, 15-martda Turkiyada mehmonxona egasini o‘ldirganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Hasanjon Aminov Rossiyadan ekstraditsiya qilingan edi.

Turkiya huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Aminov sherigi bilan Istanbuldagi mehmonxonada ishlagan va 2019-yil iyul oyida uning egasini o‘ldirib, mamlakatni tark etgan. U Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan va faqat 4 yildan keyin Qozon shahrida hibsga olingan.

2023-yil dekabr oyida Rossiya Bosh prokuraturasi Turkiyaning qidiruvdagi shaxsni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosini qanoatlantirgan. 15-mart kuni esa Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari Aminovni Moskvaning Vnukovo aeroportida turkiyalik hamkasblariga topshirdi.

Amerikadadagi ikki murda

Bundan 4 kun oldin Amerikada o‘zbekistonlik ayol sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabar tarqaldi. Bu voqea tafsilotlari AQShdagi ko‘plab saytlarda nashr qilindi.

Manbalarda yozilishicha, shanba kuni Pensilvaniya shtatida ikki kishi otishma sabab vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Yakshanba kuni mahalliy organlar Louyer-Morlend shaharchasida sobiq er-xotin qotillik va o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.

Mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha ko‘p qavatli uyda yashovchi ikki kishi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. Voqea joyida politsiyachilar 43 yoshli Durdona Sultonova hamda 44 yoshli Al Allabergning jasadini topishgan. Sobiq er-xotinning jasadlari uy yotoqxonasida aniqlangan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Allaberg Durdona Sultonovaning sobiq eri bo‘lgan. U ayolning ko‘krak sohasiga bir necha marta o‘q uzgan. Keyin esa o‘sha o‘qotar qurol yordamida o‘zini o‘ldirgan. Politsiya ayolning o‘limini qotillik deb baholab jinoyat ishi ochgan. Erkak esa o‘z joniga qasd qilgan deb topilgan.

Keyinchalik marhum ayol 43 yoshli Durdona Sultonova o‘zbekistonlik ekani ma’lum bo‘ldi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ayolni o‘ldirgan sobiq eri 44 yoshli Al Allaberg ham asli o‘zbekistonlik Sarvar Olloberganov bo‘lgan va AQSh fuqaroligini olgach, ismi-familiyasini o‘zgartirgan.

Теги :
Jamiyat