$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Haftasiga to‘rt ish kuni, shaxsiy avtomobillarga cheklov, kostyum oʻrniga futbolka: Osiyodagi yonilg‘i tanqisligi qanday choralar koʻrishga majbur qilyapti?

yonilg

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida yuzaga kelgan yonilg‘i tanqisligi fonida Osiyo mamlakatlari keskin tejamkorlik choralarini ko‘rmoqda

Qoʻshimcha dam olish kuni

Xususan, Shri Lanka hukumati davlat muassasalari uchun haftaning har chorshanba kunini dam olish kuni deb e’lon qildi. 

Dushanba, 16-mart kuni mamlakat prezidenti Anura Kumara Dissanayake yuqori martabali mulozimlar bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. “Biz eng yomon ssenariyga tayyor turishimiz, lekin yaxshisiga umid qilishimiz kerak”, deya ta’kidladi u.

Yaqin Sharqdagi urush har kuni millionlab barrel neft tashiladigan strategik Hormuz bo‘g‘ozini “bo‘g‘ib” qo‘ydi. O‘tgan 2025-yilda ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tgan neft va gazning qariyb 90 foizi aynan dunyoning eng yirik energiya importchisi bo‘lgan Osiyo mintaqasiga yo‘naltirilgan edi. Hozirda neft narxi barreliga 100 dollar atrofida saqlanib qolmoqda.

Osiyo davlatlari qanday choralar ko‘rmoqda?

Mintaqaning boshqa mamlakatlari ham energiya inqiroziga qarshi o‘ziga xos usullar bilan kurashmoqda. Xususan, Tailandda hukumat konditsionerlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish uchun aholini rasmiy kostyumlar o‘rniga kalta yengli futbolkalar kiyishga chaqirmoqda.

Myanmada shaxsiy avtomobillarga davlat raqamiga qarab, faqat kunora harakatlanishga ruxsat berilmoqda.

Bangladeshda esa universitetlarda ramazon ta’tili muddatidan oldin boshlandi va butun mamlakat bo‘ylab rejali elektr o‘chirishlar joriy etildi.

Filippinda davlat xizmatchilari haftasiga kamida bir kun masofadan ishlashga o‘tkazildi. Prezident kichik Ferdinand Markos davlat sektorida muhim bo‘lmagan xizmat safarlarini taqiqladi va haydovchilar hamda baliqchilarga 50 dollardan 84 dollargacha naqd pul yordami ajratdi.

Vyetnamda fuqarolarga velosipedda yurish, jamoat transportidan foydalanish va shaxsiy avtomobillarni faqat o‘ta zarur hollarda haydash tavsiya etilmoqda.

Pokistonda esa maktablar ikki haftaga yopilib, idoralar masofaviy ishga o‘tdi. Shuningdek, amaldorlar maoshi qisqartirildi.

Shri Lankadagi vaziyat:

Shri Lankada yangi tartib maktab va universitetlarga ham amal qiladi. Biroq sog‘liqni saqlash va immigratsiya kabi muhim davlat xizmatlari odatdagidek ishlashda davom etadi. Rasmiylarning tushuntirishicha, chorshanba kuni ketma-ket uch kunlik dam olish yuzaga kelmasligi (juma kuniga nisbatan) uchun tanlangan.

Shuningdek, haydovchilar endilikda Milliy yonilg‘i ruxsatnomasi (National Fuel Pass) orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart. Belgilangan kvotaga ko‘ra:

shaxsiy avtomobillar uchun — 15 litr;

motosikllar uchun — 5 litr yonilg‘i ajratilgan.

Bu cheklovlar aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqarmoqda. Mazkur tizim ilk bor 2022-yilda, mamlakat o‘z tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozga yuz tutib, valyuta zaxiralari tugagan vaqtda qo‘llangan edi.

Hindistonda ham yonilg‘i tanqisligi o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Mamlakat bo‘ylab restoran va mehmonxonalar yonilg‘i yetishmovchiligi sababli o‘z faoliyatini to‘xtatish arafasida.

Теги :
Jamiyat