Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

2022-yilda dunyoda bolalar o‘limi tarixiy eng past darajagacha tushgan

BMT bolalar o‘limi bo‘yicha hisobotni taqdim etdi

2 daqiqa o‘qiladi

2022-yilda dunyoda bolalar o‘limi tarixiy eng past darajagacha tushgan

BMT bolalar o‘limi bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etdi. Unda ta’kidlanishicha, 2022-yilda dunyoda bolalar o‘limi tarixiy eng past darajagacha tushgan.

Salkam 5 million qurbon

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar o‘limini baholash bo‘yicha idoralararo guruhi (UN IGME) tomonidan e’lon qilingan so‘nggi hisobotga ko‘ra, besh yoshga to‘lmasdan vafot etgan bolalar soni 2022-yilda tarixiy minimal darajaga tushib, 4,9 millionni tashkil qildi.

“Ushbu raqamlar ortida onalarga xavfsiz tug‘ish, bolalarni emlash va og‘ir kasalliklardan asrashda yordam berayotgan doya va tibbiyot xodimlari, shuningdek ularning salomatligi va to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil qilish uchun oilalarga tashrif buyurayotgan tibbiyot xodimlarining xizmati bor”, — deb ta’kidladi YUNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.

50 foizlik kamayish

Hisobotda aytilishicha, bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq bolalar omon qolmoqda va dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 2000-yildagi ko‘rsatkichlarga qaraganda 51 foizga kamaygan. Bir qancha past va o‘rta daromadli mamlakatlarda ham bu ko‘rsatkichning pasayishi kuzatilgan bo‘lib, bu birlamchi tibbiy-sanitariya yordamiga, shu jumladan, bolalar salomatligi va farovonligi uchun mablag‘lar ajratilsa, natijalar yaxshilanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. 

Misol uchun, natijalar shuni ko‘rsatadiki, 2000-yildan beri Kambodja, Malavi, Mo‘g‘uliston va Ruanda mamlakatlarida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limini 75 foizdan ortiqqa qisqartirishga muvaffaq bo‘lishgan.

“Bolalarning qayerda tug‘ilishi uning taqdirini belgilamasligi kerak”

Erishilgan natijaga qaramay, millionlab oilalar hali ham har yili, ko‘pincha tug‘ilgandan keyingi birinchi kunlarda fojiali bo‘lgan farzand dog‘iga duch kelishmoqda, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus. — Bolalarning qayerda tug‘ilishi ularning yashash yoki o‘lishini belgilamasligi kerak. Har bir ayol va bolaning, jumladan, favqulodda vaziyatlarda va chekka hududlarda ham sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi.

Biri millionga teng

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, agar jamiyatda bolalarning omon qolish choralari ularga ko‘proq muhtoj bo‘lgan qatlamlarni qamrab olsa, xavf yuqori bo‘lgan mamlakatlarda ham bolalar o‘limi sezilarli darajada kamayishiga erishish mumkin. 

“Bunday chora-tadbirlarning bittasi ham millionlab bolalarning hayotini saqlab qolishi va tibbiy yordamni ular yashaydigan joyga yaqinlashtirishi mumkin. Bolalar salomatligi va omon qolishini yaxshilash bolalar kasalliklarini, ayniqsa, postneonatal o‘limning asosiy sabablari, o‘tkir respirator infeksiyalari, diareya va bezgakni kompleks davolashni talab etadi”, — deyiladi hisobotda.