$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qonimda g‘alaba” vatanparvarlik chellenji keng miqyosda davom etmoqda

Qonimda g

O‘zbekiston kreativ industriyasi vakillari va “Uzbekistan’s Club” jamoasining bo‘lajak Olimpiadada mamlakatimiz sportchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazayotgan “Qonimda g‘alaba” — vatanparvarlik chellenjida qatnashish haqidagi chaqirig‘i butun dunyo bo‘ylab o‘zbekistonliklar tomonidan iliq qarshi olindi.

Rasmiy madhiya

Bu aksiya 2-iyul kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining birinchi rasmiy madhiyasi va “Men o‘zbekistonlikman – qonimda g‘alaba” nomli videoroligi premyerasi bo‘lib o‘tganidan so‘ng boshlangan edi. Ushbu loyiha esa mamlakat bo‘yicha televizor ekranlarida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etildi va internet tarmoqlarida tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Premyera kuni tanlov tashkilotchilari o‘zbekistonliklarga taniqli reper Konstaning “O‘zbekistonlik” qo‘shig‘iga o‘zlarining futbolga oid kliplarini suratga olishni va ularni Instagram’ga #qonimdagalaba xeshtegi bilan joylashtirishni taklif qildi. Chellenjni vatanparvarlik harakatini rivojlantirish va butun dunyo bo‘ylab o‘zbekistonliklarni birlashtirishni muhim deb hisoblaydigan kompaniyalar: Ucell aloqa operatori, Kapitalbank, Chevrolet Uzbekistan, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi va Yoshlar tashabbuslari markazi qo‘llab-quvvatladi.

Ommaviy chellenj

Ushbu chellenj katta ajiotaj keltirib chiqardi deb bemalol aytish mumkin. Sababi, ijtimoiy tarmoqqa yosh futbolchilar, maktab o‘quvchilari, talabalar, professional rejissyorlar, yirik kompaniyalar, futbol ishqibozlari, xorijdagi vatandoshlar va boshqa ko‘plab insonlar o‘z videolarini yuklashdi. Hozirgacha Instagram’da jami 1000 ta #qonimdagalaba heshtegi bilan suratga olingan videolar paydo bo‘ldi va ularning soni o‘sishda davom etmoqda. Barcha videolar o‘rtacha 3 milliondan ortiq marotaba tarmoq foydalanuvchilar tomonidan tomosha qilindi. “Bu o‘ziga xos chellenjdir, chunki o‘zbekistonliklar mamlakatimizga, bayrog‘imizga bo‘lgan muhabbatini chin dildan izhor qilmoqda. Bularning barchasi tabiiy bo‘layotgani, ya’ni O‘zbekiston xalqi birlashib, sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlayotgani bizni juda xursand qilmoqda. Asosiy maqsad esa, xalq birdamlik kuchini his qilish va jipslikda bardavom bo‘lishidir”, - deb hisoblaydi Uzbekistan’s Club jamoasi.

Chellenj qachon yakunlanadi?

Chellenj 20-iyulgacha davom etdi va eng yaxshi 10 nafar g‘olibning har biri 50 million so‘mdan pul mukofotini qo‘lga kiritadi. G‘oliblar sportchilar, ommaviy axborot vositalari va san’at arboblaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan tanlab olinadi va 24-iyul kuni Parijda e’lon qilinadi. Uzbekistan’s Club nafaqat futbolchilarni, balki O‘zbekistonning boshqa sportchilarini ham Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun chellenjning ikkinchi raundini o‘tkazishni rejalashtirmoqda va bu Olimpiada yakunlanguniga qadar davom etadi. “Qonimda g‘alaba” chellenjining davlat miqyosidagi hamkorlari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston mahallalari assotsiatsiyasi, “Vatandoshlar” jamoat fondi va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hisoblanadi.