$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyalik turistlarga Yevropa eshiklari yopilishi mumkin: 11 davlat yangi cheklovlarni talab qilmoqda

Rossiya pasporti

Yozgi ta’til mavsumi yaqinlashayotgan bir paytda Yevropa Ittifoqining 9 davlati, shuningdek Islandiya va Norvegiya rossiyaliklar uchun viza olish tartibini yanada qattiqlashtirishni talab qildi. Ularning fikricha, Ukrainada urush davom etayotgan bir vaqtda rossiyaliklarning Yevropaga dam olish, sayohat qilish va xaridlar uchun bemalol kelishi noto‘g‘ri. Xo‘sh, Yevropa Rossiya fuqarolariga viza berishni qisqartiradimi?

11 davlat Yevropa Ittifoqiga murojaat qildi

Shvetsiya tashabbusi bilan Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Polsha, shuningdek Islandiya va Norvegiya Yevropa Ittifoqiga murojaat qildi. 11 mamlakat Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas hamda ichki ishlar bo‘yicha komissari Magnus Brunnerga qo‘shma xat yubordi. Shvetsiya migratsiya vaziri Yohan Forssell bu boradagi pozitsiyasini ochiq bildirib, ukrainaliklar urushda halok bo‘layotgan bir paytda rossiyaliklarning Yevropaga dam olish va xarid qilish uchun kelishini to‘xtatish kerakligini aytdi.

Xatda ta’kidlanishicha, Rossiya 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Yevrokomissiya rossiyaliklarga viza berish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqqan. Biroq bu qoidalar barcha davlatlarda bir xil qo‘llanmayapti va natijada mamlakatlar o‘rtasida sezilarli tafovut yuzaga kelgan.

Vizalar soni oshmoqda

Tashabbus mualliflarining fikricha, turli davlatlarning turlicha siyosati Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan yagona pozitsiyasini zaiflashtirmoqda. Ayniqsa, Moskva Ukrainadagi tinch aholi va infratuzilma obyektlariga hujumlarni davom ettirayotgan bir paytda rossiyaliklarga viza berilishining ko‘payishi noto‘g‘ri taassurot uyg‘otmoqda.

Xatda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratilgan. Mualliflar turli viza amaliyotlari nafaqat siyosiy, balki butun Shengen hududi xavfsizligiga ham tahdid tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.

Shengen Barometri ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yildan 2025-yilgacha rossiyaliklarga berilgan vizalar soni muntazam ravishda oshib borgan. 2025-yilda rossiyaliklarga eng ko‘p viza bergan davlat Fransiya bo‘ldi. Bu mamlakat qariyb 180 mingta viza rasmiylashtirgan. Ikkinchi o‘rinda Italiya turibdi, u rossiyaliklarga qariyb 160 mingta viza bergan. Ispaniya esa qariyb 100 mingta viza bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Biroq bu tashabbusga qarshi bo‘lganlar ham bor. Ularning fikricha, yirik davlatlar ko‘proq ariza qabul qilgani uchun statistika yuqori chiqmoqda. Shuningdek, ular oddiy fuqarolarga berilayotgan vizalar Yevropa sanksiyalariga to‘sqinlik qilmayotganini ta’kidlamoqda. Chunki urush uchun mas’ul deb topilgan rossiyaliklar allaqachon cheklovlar va sanksiyalar ostida.

Yevropadan qanday choralar talab qilinmoqda?

11 davlat Yevropa Ittifoqidan bir nechta aniq choralarni ko‘rishni so‘ramoqda. Ular yangi va majburiy viza cheklovlarini joriy etish, amaldagi qoidalarning bajarilishini qat’iy nazorat qilish, a’zo davlatlarga muntazam ravishda umumiy statistika taqdim etish hamda sobiq rossiyalik harbiylarni aniqlash mexanizmini yaratishni talab qilmoqda.

Bu masala Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan vazirlar yig‘ilishida ham muhokama qilingan. Ammo mavzu rasmiy kun tartibiga kiritilmagani sababli hech qanday qaror qabul qilinmagan. Endi ushbu davlatlar guruhi Yevropa Ittifoqidan bahs-munozaralarni qayta boshlash bo‘yicha yangi taklif kutmoqda.

Ukraina yana milliardlab yevro oladi

Rossiyalik turistlar uchun qoidalarni qattiqlashtirish haqidagi bahslar fonida Yevropa Ittifoqi Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.

Yevroittifoq Ukrainaga 2,8 milliard yevro miqdoridagi navbatdagi yordam paketini tasdiqladi. Bu mablag‘ 2024-yilda ishga tushirilgan 50 milliard yevrolik yirik dastur doirasidagi yettinchi to‘lov hisoblanadi. Pul “Ukraina rejasi” dasturi orqali ajratiladi.

Теги :
Jamiyat