$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Xitoyda SI bo‘yicha mutaxassislarning ruxsatsiz chet elga chiqishi taqiqlandi

Xitoy SI

Xitoy hukumati endi strategik ahamiyatga ega deb hisoblangan mutaxassislarning xorijga chiqishini cheklash siyosatini xususiy kompaniyalarga ham kengaytirmoqda. “Bloomberg” manbalariga ko‘ra, endilikda ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalari ustida ishlayotgan mutaxassislar, jumladan, Alibaba va DeepSeek kabi kompaniyalarning yuqori lavozimli xodimlari chet elga chiqishdan oldin rasmiylardan maxsus ruxsat olishi kerak bo‘ladi.

Avvalroq bunday tartib asosan davlat kompaniyalari rahbarlari, universitet tadqiqotchilari hamda yadro loyihalarida ishlovchi olimlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ayrim hollarda davlat korxonalari rahbarlarning pasportlarini o‘zida saqlab kelgan. Ammo bu amaliyot xususiy sektor uchun odatiy hol emas edi.

Texno gigantlar faol rivojlana boshladi

Manbalarga ko‘ra, yangi cheklovlar sun’iy intellekt sohasidagi eng muhim mutaxassislarni qamrab olmoqda. Ular orasida startap asoschilari, tadqiqotchilar va texnologik kompaniyalar rahbarlari bor. Ro‘yxatga kiritishda nafaqat lavozim, balki mutaxassisning mamlakat uchun strategik ahamiyati ham hisobga olinmoqda.

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt sohasidagi asosiy taraqqiyot aynan xususiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. ChatGPT muvaffaqiyatidan keyin Xitoyda ham ko‘plab AI-startaplar va texnologik gigantlar faol rivojlana boshladi. Ayrim mutaxassislar avval ham xorijga safar rejalari haqida hukumatni ogohlantirib kelgan, ammo bu jarayon majburiy ruxsat shaklida emas edi.

“The Wall Street Journal” avvalroq Xitoy hukumati sun’iy intellektni nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki milliy xavfsizlikning muhim qismi sifatida ko‘ra boshlaganini yozgan edi. Shu sababli AI sohasidagi yetakchi tadqiqotchilar va tadbirkorlarga AQSHga safar qilmaslik tavsiya qilingan.

Pekin rasmiylari sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar xorijga chiqqan vaqtida mamlakatning texnologik yutuqlari haqidagi maxfiy ma’lumotlar oshkor bo‘lib ketishidan xavotirda. Shuningdek, ular xorijda siyosiy bosim vositasi sifatida hibsga olinishi mumkinligi ham aytilmoqda. Bunday holat avval Huawei kompaniyasi top-menejeri Kanadada AQSH so‘roviga binoan hibsga olinganida kuzatilgan edi.

Теги :
Jamiyat