Qirg‘iziston O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegara nazoratini kuchaytirmoqchi
Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatga kirishda xalqaro tashuvchilar bir qator talablarni buzgan holda harakatlanmoqda. Shu munosabat bilan Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Respublikasi qirg‘iz-tojik va qirg‘iz-o‘zbek chegaralaridagi ayrim nazorat-o‘tkazish punktlarida transport nazoratini kuchaytirmoqchi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Transport nazorati
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga kiritildi. Hozirda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashqi chegarasining Qirg‘iziston uchastkasida transport nazorati “Torugart-Avtodorojniy”, “Irkishtom-Avtodorojniy” (Xitoy), “Qoramiq-Avtodorojniy”, “Qizil-Bel-Avtodorojniy”, “Qulundu-Avtodorujniy” avtomobil nazorat punktlarida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, qirg‘iz-tojik va qirg‘iz-o‘zbek davlat chegaralaridagi “Qayrag‘och”, “Bor-Dobo” (Tojikiston), “Qizil-Qiya”, “Qora-Bag‘ish” va “Ken-Soy” (O‘zbekiston) nazorat-o‘tkazish punktlarida transport nazorati amalga oshirilmaydi.
Xalqaro shartnoma me’yorlari buzilmoqda
Qayd etilishicha, mazkur nazorat-o‘tkazish punktlari orqali qo‘shni va boshqa davlatlarning avtotransport vositalari nafaqat ikki tomonlama xalqaro tashishda, balki Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarga ham xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalar me’yorlarini buzgan holda yuk tashimoqda.
Tashuvchi talablar buzsa, mamlakatdan deport qilinadi
Qirg‘iziston hududiga kirish va tranzit qatnovi uchun xorijiy avtotashuvchilar tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lishi shart. Agar avtomobil tashuvlari davomida xalqaro shartnomalar talablari buzilsa, jumladan, tegishli ruxsatnomasiz mamlakat hududiga kirish qoidalariga rioya qilinmasa, bunday tashuvchilarning Qirg‘iziston hududiga kirishi taqiqlanishi mumkin.
Shu munosabat bilan Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.



