Yana bir Qozog‘iston bilan bog‘lovchi gavjum chegara postlaridan biri yopilmoqda
G‘ishtko‘prik chegara bojxona posti 2025-yil 5-fevraldan boshlab to‘rt oy davomida yopiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Sabab nima?
Unga ko‘ra, bu cheklov mazkur postdagi keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlarini yakunlash maqsadida joriy etilmoqda. Jumladan, vaqtinchalik binolarni demontaj qilish, hududni obodonlashtirish hamda zarur infratuzilmani shakllantirish rejalashtirilgan.
Post foydalanuvchilari “Navoiy” chegara bojxona postiga yo‘naltiriladi
Ushbu post orqali harakatlangan fuqarolar va transport vositalari 5-fevraldan boshlab “Navoiy” chegara bojxona postiga yo‘naltiriladi. Zamonaviy tarzda barpo etilgan “Navoiy” chegara posti Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan bo‘lib, “G‘ishtko‘prik” postiga yaqin hududda joylashgan.
Shuningdek, jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar va avtobuslarning harakati uchun qulaylik yaratish maqsadida “Navoiy” chegara postida yuk transportlari harakati cheklanadi.
Bojxona haqida
Mazkur post O‘zbekiston, qolaversa, Markaziy Osiyodagi aholi va yengil avtotransport vositalari eng ko‘p harakatlanadigan chegara bojxona postlaridan biri hisoblanadi va bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib bormoqda. 2024-yilning avgust oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali bir kunda o‘rtacha 35-40 ming (kirish — 18-20 ming, chiqish 17-20 ming) nafar fuqaro hamda 1000-1200 (kirish — 600-650, chiqish — 500-600) ta yengil avtotransport vositalari harakatlangan. Buning ortidan chegarada katta tirbandliklar yuzaga kelgandi.
Bu raqamlar “Navoiy” va “S.Najimov” chegara bojxona postlari yopiqligi sababli keskin oshib ketishi ortidan kelib chiqqan.
“Dovud ota” postining yopilishi
Bundan tashqari, “Dovud ota” postidan Qozogʻistonga oʻtish va qaytish 1-fevraldan uch oyga toʻxtatildi.
Ma’lum qilinishicha, chegara oʻtkazish punkti orqali shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati vaqtincha toʻxtatildi.
Mazkur cheklovlar chegara oʻtkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Qozogʻiston Respublikasi tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.