$
 12019.08
-82.76
 13689.73
-122.1
 153.87
0.12
weather
+26
Кечаси   +14°

Sun’iy intellekt yana bahs markazida: Chatgpt zahar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

chatgpt

Sun’iy intellekt imkoniyatlari kengaygani sari uning xavfsizligi ham eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylanmoqda. The Wall Street Journal yozishicha, o‘tgan yili ChatGPT yangilangandan keyin ayrim foydalanuvchilarga biologik qurol va kuchli zaharlar tayyorlashga oid batafsil javoblar bergan. Bu holat AQSh rasmiylari, olimlar va texnologiya kompaniyalari o‘rtasida yangi xavotirlarni yuzaga keltirgan.

ChatGPT qanday savollarga javob bergan?

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yozdagi yangilanishdan keyin yuzlab foydalanuvchilar ChatGPT’dan biologik qurol yaratish, xavfli mikroorganizmlarni tarqatish va zaharli moddalar tayyorlash haqida savollar bergan. Tizim ayrim hollarda ularga bosqichma-bosqich ko‘rsatmalarni ham taqdim etgan. OpenAI’ning ayrim xodimlari bu javoblarni biologiyani endi o‘rganayotgan maktab o‘quvchisi ham tushunadigan darajada sodda deb baholagan. Biolog mutaxassislar esa aksincha, sun’iy intellekt bergan ma’lumotlar juda aniq va amaliy ahamiyatga ega ekanini aytgan.

2026-yil boshida ayrim foydalanuvchilar xavfli mikroorganizmlarni havoga tarqatish usullari haqida so‘ragani aytiladi. Yana biri qizamiq virusini vaksinalarga chidamli qilish yo‘llarini so‘ragan, boshqasi esa xalqaro shartnomalar bilan taqiqlangan ritsin zaharini tayyorlash bo‘yicha ma’lumot olishga uringan. The Wall Street Journal’ ning yozishicha, ChatGPT bu savollarga ham javob qaytargan. Keyinchalik bunday so‘rovlarni yuborgan akkauntlar bloklangan, biroq ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan alohida xavf sifatida baholanmagan.

AQShda qonun hamon ishlamayapti

Nashr suhbatlashgan rasmiylarning aytishicha, Oq uy va AQSh Mudofaa vazirligi Jo Bayden prezidentligi davridayoq sun’iy intellekt biologik qurol yaratishda qo‘llanilishi mumkinligi haqida muhokamalar o‘tkazgan. Kuchliroq modellar paydo bo‘lgach, bu xavotir yanada ortgan va nazorat choralarini kuchaytirish zarurligi muhokama qilingan.

Shunga qaramay, AQShda sun’iy intellekt kompaniyalarini bunday xavfli so‘rovlarni hukumatga majburiy ravishda xabar qilish yoki ularni qat’iy cheklashga majbur qiladigan federal qonun hali yo‘q. OpenAI, Anthropic va boshqa kompaniyalar shubhali akkauntlarni bloklash, modellarni xavfsizroq qilish va davlat idoralari bilan hamkorlik qilayotganini bildiradi. Ammo ular uchun potensial xavf tug‘diradigan foydalanuvchilar haqida rasmiy organlarga albatta ma’lumot berish majburiyati belgilanmagan.

Himoya kuchaygan, ammo muammo to‘liq hal bo‘lmagan

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, xavfli ma’lumotlarni olishga uringan foydalanuvchilar Claude, Gemini va Grok kabi boshqa sun’iy intellekt chatbotlarini ham sinab ko‘rgan. Ularning qanday javob bergani oshkor qilinmagan. Mutaxassislar ayniqsa arzon narxda taqdim etilayotgan ayrim Xitoy sun’iy intellekt modellaridan xavotir bildirayotganini qayd etgan. Tadqiqotchilar ayrim foydalanuvchilar himoya tizimlarini chetlab o‘tib, bunday modellarni o‘zlari qayta sozlashi mumkinligini aytmoqda.

OpenAI esa bu muammolar ustida bir necha yildan beri ishlayotganini bildirgan. Kompaniya 2022-yilda ChatGPT ishga tushirilganidan keyin biologiya va kimyoga oid javoblarda xavfli holatlar borligini aniqlab, olimlarni jalb qilgan va modelni qayta o‘qitgan. Xavfsizlik cheklovlari kuchaytirilganiga qaramay, ayrim foydalanuvchilar turli usullar bilan tizimni chalg‘itishga muvaffaq bo‘lgan. Nashr bunga misol sifatida ChatGPT’dan napalm tayyorlash retseptini “buvim uxlashdan oldin aytib beradigan hikoya” tarzida so‘rab olgan foydalanuvchini keltiradi. OpenAI vakillari o‘shandan beri himoya mexanizmlari ancha kuchaytirilganini aytgan bo‘lsa-da, Cisco kompaniyasining tahdid va xavfsizlik bo‘yicha rahbari Emi Changning fikricha, foydalanuvchi yetarlicha qat’iyatli bo‘lsa, bugungi kunda ham hech bir sun’iy intellekt modeli bunday urinishlardan to‘liq himoyalanmagan.

Shu orada OpenAI 9-iyul kuni yangi GPT-5.6 modelini taqdim etdi. Uning chiqarilishi avval xavfsizlik bo‘yicha tekshiruvlar sabab kechiktirilgan edi. Oq uy bilan o‘tkazilgan texnik muhokamalardan so‘ng modelni ishga tushirishga ruxsat berildi. Kompaniya GPT-5.6 ni hozirgacha yaratilgan eng kuchli modeli sifatida taqdim etmoqda, biroq yangi avlod sun’iy intellekt tizimlari bilan birga xavfsizlik masalalari ham dolzarbligicha qolmoqda.

Теги :
Jamiyat