ChatGPT’da keng qamrovli tadqiqot funksiyasi ishga tushirildi
Bu yangi qobiliyat internetda murakkab vazifalar uchun ko‘p bosqichli izlanish olib borib, inson soatlar talab qiladigan ishni bir necha daqiqada bajaradi.
1 daqiqa o‘qiladi

OpenAI ChatGPT’da chuqur tadqiqot funksiyasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Soatlarni talab qiladigan ish bir necha daqiqada amalga oshiriladi
Bu yangi qobiliyat internetda murakkab vazifalar uchun ko‘p bosqichli izlanish olib borib, inson soatlar talab qiladigan ishni bir necha daqiqada bajaradi.
Keng qamrovli tadqiqot mustaqil ravishda yuzlab onlayn manbalarni topadi, tahlil qiladi va tadqiqotchi darajasidagi hisobot yaratadi. U OpenAI’ning yangi o3 modeli asosida ishlaydi va katta hajmdagi matn, tasvir va PDF-fayllarni o‘qish, tahlil qilish qobiliyatiga ega.
Bu qaysi sohalarda yaxshi ishlaydi?
Ushbu texnologiya moliya, fan, siyosat va muhandislik kabi sohalarda izlanish olib boradigan mutaxassislar, shuningdek, avtomobil yoki maishiy texnika kabi mahsulotlarni tanlashda sinchkovlik bilan qaror qabul qilmoqchi bo‘lgan xaridorlar uchun foydalidir.
Tizim qanday ishlaydi?
Ushbu funksiyadan foydalanish uchun ChatGPT’da “keng qamrovli tadqiqot” opsiyasini tanlash va so‘rov yuborish kifoya. Tizim 5 – 30 daqiqada natijani hujjatlangan va manbalar bilan tasdiqlangan hisobot shaklida taqdim etadi. Yaqin haftalarda bu hisobotlarga rasmlar va ma’lumot vizualizatsiyalari ham qo‘shiladi.
GPT-4o tezkor muloqot uchun qulay bo‘lsa, keng qamrovli tadqiqot murakkab va ko‘p bosqichli tahlil talab qiladigan masalalar uchun ideal yechim hisoblanadi.



