$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Deputatlardan chaqiruv

tejamkorlik

Oxirgi paytlar ayrim vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan qimmatbaho avtotransport xarid qilishi holatlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan sotib olingan 444 mln. so‘mlik “BYD” avtomobili jiddiy tanqidlar ostida qolgan edi. Aynan shu masala bo‘yicha O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlari Nodir Abduvaliyev va Sardor G‘iyosov davlat idoralarini tejamkorlikka chaqirdi.

Budjet masalasi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti daromadlari 321,0 trillion so‘mni, xarajatlari 380,0 trillion so‘mni tashkil etdi. Bunda xarajatlar daromadlardan 59 trillion so‘mga ko‘p bo‘lib, budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizga yetgan.

“O‘zbekiston–2030”

Ularning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish maqsadida joriy yilda budjet mablag‘lari hisobidan barcha sohalarda ko‘plab muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatdagi amaliy vazifalarni bajarish rejalashtirilgan.

Islohotlar idoralar manfaatiga ishlamoqda

Biroq, budjet taqchilligi fonida joriy yilning 1-chorak yakunlari bo‘yicha ayrim vazirlik va davlat tashkilotlari narxlari yuqori bo‘lgan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun mablag‘lar sarflayotganligi kuzatilmoqda.

Bunga misol qilib ular Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan 444 mln so‘mga bir dona “BYD SONG PLUS” avtotransport vositasini, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan 504 mln so‘mga premium-klassdagi “BYD HAN” avtomobilini hamda Oliy Sud tomonidan 1,5 mlrd so‘mga “yo‘ltanlamas” “Toyota Land Cruiser 300” avtomobilini keltirishgan. Aytilishicha, bu kabi holatlar boshqa ayrim davlat tashkilotlarida ham kuzatilmoqda.

“Xorijiy mamlakatlarda vazirliklar rahbarlari o‘zlarining xalq xizmatidagi davlat xodimi ekanligini bildirish, o‘zining xalqqa yaqinligini ko‘rsatish maqsadida qimmatbaxo xizmat avtomobillari o‘rniga jamoat transporti va velosipedlarda ishga kelishni afzal bilishmoqda”, deb yozmoqda ular.

Mablag‘ sarfi birinchi navbatda…

Shuningdek, ular keng jamoatchilik tomonidan vazirlik va idoralar mablag‘larni sarf qilishda birinchi navbatda hududlardagi, jumladan mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni xal etishga, amalga oshirilayotgan islohotlarni har bir xonadonga yetib borishini ta’minlashga e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidlamoqda.

“Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xalq vakili sifatida, byudjetdan mablag‘ oluvchi vazirlik, idora va tashkilotlarni byudjet mablag‘larini sarflashda tejamkorlikka amal qilishlariga, foydalanishdagi avtotransport vositalari mavjud bo‘lgan holda mazkur maqsad uchun xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz”, deya xulosa qilgan deputatlar.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot