$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qaynoq” tendensiya: O‘zbekistonda naqd pullar o‘z o‘rnini elektron to‘lovlarga bo‘shatib bermoqda

payme

Markaziy bankning 2024-yil yanvar-sentyabr oylari uchun Naqd pul muomalasi bo‘yicha tayyorlagan sharhida keltirilishicha, 9 oyda Oʻzbekiston iqtisodiyotida naqd pul muomalasining dinamikasi sezilarli darajada oʻzgardi.

Naqd pul tushumlari

2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi 727 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshganini koʻrsatmoqda. Naqd pul tushumlari tarkibida savdo va xizmat koʻrsatish sektori yetakchi rol oʻynadi. Xususan, bank xizmatlaridan tushgan naqd pul tushumlari 23 trillion soʻmga, savdo sohasidagi tushumlar 19 trillion soʻmga, pulli xizmatlardan tushgan tushumlar esa 13 trillion soʻmga yetgan.

Banklardagi naqd pul tushumlarining o’sishiga bir qator omillar sabab bo’ldi. Eng avvalo, savdo va xizmatlar sektorining kengayishi, iqtisodiy faollikning ortishi naqd pullar oqimining oshishiga olib keldi. Banklar orqali amalga oshirilgan naqd pul tushumlarining umumiy summasi 2024-yilda 360 trillion soʻmni tashkil etishi, bu koʻrsatkichning o‘tgan yilga nisbatan 66 trillion soʻmga oshishi (ya’ni 23 foizga o‘sishi) iqtisodiyotdagi umumiy naqd pul oqimining ijobiy koʻrsatkichlarini ifoda etmoqda.

Naqd pullar hajmi o'tgan yilga qaraganda 23 foizga oshgan

Banklardan chiqarilgan naqd pullar hajmi ham 2024-yilning birinchi to‘qqiz oyi davomida sezilarli darajada oshgan. Jami chiqarilgan naqd pullar hajmi 367 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshgani qayd etildi. Ushbu koʻrsatkichning oshishi aholining naqd pulga boʻlgan talabining ortib borayotganini koʻrsatadi. Jumladan, naqd pul olish hajmining katta qismi bank kartalari orqali amalga oshirildi. Bank kartalaridan chiqarilgan naqd pullar hajmi 30 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlib, bu koʻrsatkich o‘tgan yilga nisbatan yuqori darajada qolmoqda.

Ayni vaqtda, banklar tomonidan aholiga xorijiy valyutani sotib olish maqsadida chiqarilgan naqd pullar ham oshib, jami 21 trillion so‘mni tashkil etdi.

Elektron to‘lovlar mamlakatdagi barcha sohalarni qamrab olmoqda

2024-yil davomida umumiy pul massasida (M2) naqd pullarning ulushi pasaygan. Markaziy bank tomonidan olib borilgan choralar natijasida muomaladagi naqd pullar umumiy pul massasidagi ulushi 20,7 foizni tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 foizga kamaydi. Bu esa iqtisodiyotdagi raqamli to‘lov vositalarining ulushi oshib borayotganidan dalolat beradi. O‘tgan yilga nisbatan, terminallar orqali to‘lovlar hajmi oshgan va savdo va xizmatlar sohasini naqd pullar o‘rniga elektron to‘lov vositalari egallamoqda. Bank kartalariga kiritilgan mablag‘lar hajmi ham jiddiy o‘zgarishlarga duch keldi. 2024 yilning birinchi to‘qqiz oyida bank kartalariga kiritilgan mablag‘lar 740 trillion so‘mni tashkil etdi, bu esa 2023 yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘proq. Bank kartalariga tushgan mablag‘lar va ularning naqdlashtirilishi hajmi ham oshgan, xususan, ushbu mablag‘larning 167 trillion so‘mi naqdlashtirilgan.

Shunday bo‘lsa-da, naqd pulga talab yo‘qolmagan

Bahor - yoz mavsumlarida iqtisodiy faollikning o‘sishi hisobiga naqd pulga talabning oshishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullar chiqarishni taqazo etdi. Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 8 trln. so‘m naqd pullar chiqarildi. Bu mamlakatdagi iqtisodiy faollikning oshib borayotgani va aholining daromadlari koʻtarilayotgani bilan bogʻliqdir. Shuningdek, bankomatlardan chiqarilgan naqd pullarning hajmi ham o‘tgan yilga nisbatan oshgan. Bu, asosan, bank kartalari orqali amalga oshirilayotgan to‘lovlarning umumiy hajmidan kelib chiqadi. Aholining naqd pulga bo‘lgan talabi oshganiga qaramay, elektron to‘lov tizimlariga bo‘lgan qiziqish va ishonch ham kuchaygan.

Sharhda keltirilishicha, kelgusida naqd pul muomalasining qisqarishi va elektron to‘lov vositalarining yanada kengayishi kutilmoqda.

Eslatib otamiz, avvalroq O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechilayotgani haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozirda bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Transport vaziriga kora, barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi.

Теги :
Iqtisodiyot