$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Alomatlarsiz paydo bo‘ladi: Oshqozonosti bezi saratoni haqida nimalar ma’lum?

cancer

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Olimjon Imomovning ta’kidlashicha, oshqozonosti bezi saratoni dunyoda onkologik xastaliklardan o‘lim sabablari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Yer yuzi bo‘yicha yiliga 500 mingga yaqin kishi ushbu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgani buning tasdig‘i.

Kasallik sezilarli alomatlarsiz paydo bo‘ladi

Muammoning eng asosiy omili kasallik sezilarli alomatlarsiz paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Shu bois o‘simta allaqachon ildiz otib ulgurgan bo‘ladi va aksariyat hollarda unga ancha kech bosqichda tashxis qo‘yiladi. Bu xastalik odatda 65 yoshdan oshgan odamlarda, qolaversa, ayollarga nisbatan erkaklarda ko‘proq uchraydi. Kashandalik, ortiqcha vazn va semizlik, surunkali pankreatit mazkur kasallikka chalinish xavfini oshirishi mumkin.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Oshqozonosti bezi saratonining yaqqol belgilari yo‘q. Shunga qaramay, qorinning yuqori yoki orqa qismida doimiy yoki kuchayuvchi og‘riq, to‘satdan vazn va ishtaha yo‘qolishi, teri va ko‘z sohasida sarg‘ayish, peshob rangi qoramtir tusga kirishi, qandli diabet simptomlari to‘satdan paydo bo‘lishi kuzatiladi. Ko‘ngil aynishi, qusish, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar, sababsiz charchoq, zaiflik, depressiya va quvvatsizlik kuzatilishi ehtimoli yuqori. Ana shu simptomlar tez-tez sodir bo‘lsa, shifokor ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.

Oshqozonosti bezi saratonini davolash odatda kasallik bosqichi va turiga hamda bemorning salomatlik holatiga ko‘ra belgilanadi. Bunda jarrohlik amaliyoti, radioterapiya, kimyoterapiya, immunoterapiya, palliativ yordam kabi muolaja usullari qo‘llanilishi mumkin.

Yaxshi yangilik

Yaqinda oshqozonosti bezi saratoni bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardan biri KRAS genidagi mutatsiyalarni nishonga olish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu mutatsiya oshqozonosti bezi saratoni bilan bog‘liq holatlarning 90% da uchraydi. Tadqiqotchilar, xususan, KRAS G12D mutatsiyasiga qarshi molekula ishlab chiqib, bu mutatsiya orqali saraton o‘sishini samarali ravishda to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu yangi yondashuv saraton hujayralarini maxsus nishonga olib, sog‘lom hujayralarga zarar bermasligini ta’minlashni maqsad qilgan va klinik sinovlar uchun istiqbolli natijalar bermoqda.