O‘zbek “chinovniklari” o‘zlarini qanchalik yaxshi ko‘radi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek amaldorlarining xarajatlari yildan-yilga aslida belgilanganidan bir necha foizga oshib borgan. Bu ko‘rsatkich 2019-yilda qayd etilgan 3,7 trln. so‘mdan 2023-yilda 17 trln. so‘mga qadar o‘sib borgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodchi Otabek Bakirov o'z sahifasida byudjet va o'zbek siyosatchilari bilan bog'liq qiziqarli statistik ma'lumotni keltirib o'tdi. Unda keltirilishicha, o‘zbek siyosatchilari byudjetdan o‘zlariga ajratilgan mablag‘larni har yili rejali oshirib borishadi. Qiziqarlisi, ular shu vaqtga qadar o‘zlari o‘zlariga oshirib ajratgan mablag‘laridan ham yanada ko‘proq xarajat qilib kelishgan.
2019-2020
Bu mavzuga yillar miqyosida misollar keltirib o'tilgan. Masalan, 2019-yilda ularga byudjetdan 3,7 trln. so‘m ajratilgan. Amalda esa 32,2% ko‘proq, qariyb 5,0 trln.so‘m xarajat qilingan.
2020-yil karantin vaqti ularga byudjetdan 5,3 trln. so‘m ajratilgan, amalda ular 39,4% ko‘proq, 7,4 trln. so‘m sarflashgan.
Yillar davomidagi o'sish
2021-yilda ularga byudjetdan 6,0 trln. so‘m ajratilgan. Amalda esa 41,7% ko‘proq, 8,5 trln. so‘m xarajat qilingan. Rossiya-Ukraina urushi boshlangan 2022-yilda ular o‘zlariga 9,1 trln. so‘m ajratishgan. Ushbu yilda ular eng ko'p 50,5%, 13,7 trln. so‘m sarflab qo‘yishgan. Ko'rib turganingizdek, o‘zbek "chinovniklari"ning xarajatlari aslida bir necha foizga emas, yildan-yilga karrasiga oshib boravergan. Bu ko'rsatkich 2019-yildagi 3,7 trln.so‘mdan 2023-yilda 17 trln. so‘mga, ya’ni 4,6 barobarga ko‘payib borgan.
Iqtisodchi munosabati
"Axir ular nima qilishsin. Sanoqsiz zamlar, ikkitadan birinchi zamlar, nafaqaga chiqishni istamaydigan, stalin zamonidan qolgan maslahatchilar, shotir yordamchilar, kotibalar, ikkitadan sho‘pirlar, hatto oshpazlar, po‘rim kabinetlar, qimmat va juft-juft xizmat moshinlar, biznes klassdagi va djetlardagi uchishlar, ko‘p yulduzli mehmonxonalar, sanoqsiz forumlar, xizmat safarlari, banketlarga ular allaqachon ko‘nikib qolishgan", — deya vaziyatni izohlagan iqtisodchi.



