$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Kelasi yil uchun Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Byudjet

Bugun, 17-oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2025-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Amalga oshirilgan ishlar va kutilmalar

Yig‘ilishda ma’lum qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ichki imkoniyatlarni ishga solish hisobiga, o‘tgan 9 oyda mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,6 foizga, sanoat 7 foizga oshdi. Yil yakunigacha kamida 6 foiz o‘sish kutilmoqda. Oltin-valyuta zaxirasi bu yil ilk bor 40 milliard dollardan oshgan. Aholining milliy valyutadagi depozitlari 50 foizga o‘sgan. Tashqi investorlar ishonchi ortgani tufayli xalqaro bozorlarda 4 milliard dollarlik yevrobond joylashtirilgan. Bularning natijasida joriy yilda investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33 foizdan oshadi. Eksport qariyb 19 foizi o‘sishi kutilyapti.

Yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish

Yig‘ilishda dunyo bozorlarida raqobat kuchayib, xomashyo narxlari tez-tez o‘zgarayotgan hozirgi sharoitda sanoat va eksportda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish shartligi ta’kidlanadi. Shu nuqtayi nazardan, mutasaddilarga har bir tarmoq kesimida qo‘shilgan qiymat zanjiri va mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada yig‘ilishda iqtisodiyot va investitsiya sohasidagi asosiy vazifalar muhokama qilinadi. Asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan holatda byudjet daromadlarini ko‘paytirishning birdan bir yo‘li – soliq ma’murchiligini takomillashtirish ekani qayd etildi. Davlat rahbari bu tadbirkorlar faoliyatiga aralashish orqali emas, balki raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish hisobiga bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlardan jalb etilgan imtiyozli mablag‘larning samaradorligi masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.

2025-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar

Yig‘ilishda 2025-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar ham ko‘rib chiqilgan bo‘lib, kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyat borligi qayd etildi. Buning uchun rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, axborot texnologiyalari, agro va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish talab etiladi. Shuningdek, imtiyozlarning samaradorligini ko‘rib chiqish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. 

Ta’lim va sog‘liqni saqlashga e’tibor kuchayadi

Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga kelgusi yilda 78 ta tuman byudjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkaziladi. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50 foizi ularning o‘zida qoldiriladi. Ijtimoiy davlat tamoyilidan kelib chiqib, ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘larni 20 foizga ko‘paytirish nazarda tutilmoqda. Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2025-yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan. Qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт