$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Budjet xarajatlari daromaddan 59 trln. so‘mga oshib ketdi

Budjet

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2023-yil ijrosi to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlarni tadqim etdi.

Xarajat daromaddan 59 trln. so‘m ortiq

Unga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari – 321 trln. so‘mni, xarajatlari esa – 380 trln. so‘mni tashkil etgan.

Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 59 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 5,5 foizi miqdorida bo‘lgan.

59 trln. so‘mlik defitsit – Statistika agentligining o‘tgan yil uchun hisoblagan AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha kursi (11 741 so‘m)ga muvofiq, 5 mlrd. 25 mln. dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

Oxirgi 5 yillikda konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti quyidagicha bo‘lgan:

  • 2019 yilda – 13,2 trln. so‘m;
  • 2020 yilda – 26,1 trln. so‘m;
  • 2021 yilda – 40,8 trln. so‘m;
  • 2022 yilda – 35,2 trln. so‘m;
  • 2023 yilda – 59 trln. so‘m.

Mahalliy budjet

Shuningdek, mahalliy budjet xarajatlari 2023-yilda 101,7 trln. so‘m bo‘lgan. Mahalliy budjet daromadi esa xarajatlardan deyali 2 baravarga kam (55,7 trln. so‘m). 2022-yilda esa mahalliy budjetning xarajatlari 88,8 trln. so‘m, daromad esa 47,4 trln. so‘m bo‘lgan. Bunda joriy yilgi xarajatlarning eng ko‘pi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan. Unga ko‘ra, xarajatlar 57,2 trln. so‘mni tashkil qilgan.

Subsidiya masalasi

Hisobotda ta’kidlanishicha 2023-yilda subsidiyalar summasi deyarli 2 barobarga ortgan va 29,3 trln. so‘mga yetgan. Eng ko‘p subsidiya esa energetika sohasiga ajratilgan.

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning asosiy cho‘ntagi hisoblangan byudjet subsidiyalar byudjetiga aylanib qolgan.

“Mazkur subsidiyalarning 20,8 trln.so‘mi yangi O‘zbekistonning eng zararkunanda, eng samarasiz va eng katta qora o‘pqoni Energetika va Geologiya-qidiruvga sarflangan.” – deydi u o‘z blogida.

 Ma’lumot uchun, 2024-yildagi davlat budjeti taqsimotiga ko‘ra, 2024-yilda ushbu ikki sohaga yanada ko‘proq 21,6 trln. so‘m subsidiya ajratilgan.

Joriy yilgi defitsit 10,3 trln. so‘m

Avvalroq, 2024-yilning ikki oyidagi davlat budjeti defitsiti 13 trln. so‘mga yetgani xabar qilingandi. Joriy yil uchun davlat budjeti haqidagi qonunga ko‘ra, budjet daromadlari 270,4 trln. so‘mni, xarajatlar esa 280,7 trln. so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan. Ya’ni joriy yildagi davlat budjeti 10,3 trln. so‘mlik defitsit bilan tasdiqlangan. Konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti esa 52,6 trln. so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz darajasida chegaralangan.

Теги :
Iqtisodiyot