$
 11937.89
-10.69
 13769.16
-24.28
 141.76
-2.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Boysundagi avariya holatidagi quduq 2027-yilning iyuligacha yopiladi

Boysun M-25

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) konida 2024-yilning sentabr oyida yuz bergan texnogen avariyadan so‘ng davom etayotgan gaz sizib chiqishini to‘xtatish hamda quduqni yopish bo‘yicha amaliy ishlarga 15-avgust kuni rasman start berildi. Ushbu ma’lumotni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot kotibi Mo‘min Ibodov tasdiqladi.

Loyiha ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov hamda Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi vakillari konga tutash bo‘lgan Kofrun qishlog‘i aholisi bilan bevosita muloqot o‘tkazdi va mavjud vaziyat hamda rejalashtirilgan choralar yuzasidan axborot berdi.

Texnik yechimlar

Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish amaliyotiga CNPC tuzilmasiga kiruvchi Xitoyning CCDC (Chuanqing Drilling Engineering Company Limited) kompaniyasi jalb qilingan. Mazkur texnik topshiriq bo‘yicha, shuningdek, Rossiyaning “Rosneft”, AQShning Schlumberger hamda Janubiy Koreya kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan takliflar ham batafsil o‘rganib chiqilgan.

Avariyani to‘xtatishning ilmiy asoslangan yechimi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda topilgani haqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fevral oyi oxirida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida ta’kidlagan edi. Davlat rahbari o‘z nutqida ushbu avariya albatta to‘xtatilishini hamda viloyat iqtisodiyotiga kuchli turtki beruvchi mazkur strategik loyiha barqaror davom ettirilishini ma’lum qilgandi.

Ijro muddatlari

“O‘zbekneftgaz” taqdim etgan axborotga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar Xitoy va boshqa xorijiy mamlakatlardan Boysundagi obyektga 40 birlikdan ziyod maxsus texnika hamda uskunalar olib kelinadi. Ular orasida tarkibida zaharli vodorod sulfid miqdori yuqori bo‘lgan gaz muhitida ishlashga mo‘ljallangan maxsus burg‘ilash qurilmalari mavjud.

Rejaga muvofiq, burg‘ilash jarayonlari yanvar oyidan boshlanadi. Avvalroq Abdug‘ani Sanginov konda qo‘shimcha to‘rtta quduq burg‘ilanishi rejalashtirilgani haqida ma’lum qilgan edi. Mo‘min Ibodovning ta’kidlashicha, avariya yuz bergan quduqni to‘liq yopish va obyektni xavfsiz holatga keltirish ishlari 2027-yilning iyul oyida to‘liq yakunlanishi mo‘ljallangan.

M-25 obyekti bugungi kunda O‘zbekistondagi eng yirik o‘zlashtirilmagan gaz koni hisoblanadi. Loyiha doirasida xomashyo qazib olishdan tashqari, zamonaviy gazni qayta ishlash majmuasini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Avariya xronologiyasi

Kondagi birinchi favqulodda holat 2024-yil 1-sentabr kuni 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida yuz bergan edi. Avariya oqibatida gaz sizib chiqishi kuzatilgan va atrofdagi mahalliy aholi xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida szib chiqish 15-sentabrga kelib to‘xtatildi. Biroq 17-sentabr kuni gaz chiqishi takroran avj oldi va ushbu hodisa oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Keyinchalik, 2025-yilning mart oyida konga qarashli boshqa bir manbada — 202-sonli quduqda ham gaz sizib chiqishi holati qayd etildi.

Sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu konning geologik tuzilishi o‘ta murakkabligini ko‘rsatib, yuzaga kelgan vaziyatni favqulodda holat sifatida baholagan. Eriell kompaniyasi rahbari maslahatchisining bergan tushuntirishiga ko‘ra, ushbu texnogen hodisaga yer qatlamidagi anomal darajada yuqori bosim hamda tarkibidagi vodorod sulfid gazining texnik uskunalarga agressiv yemiruvchi ta’siri sabab bo‘lgan.

Теги :
Jamiyat