$
 12192.06
13.21
 13996.48
-56.7
 143.00
-3.54
weather
+26
Кечаси   +14°

Boylar vatani Eng ko‘p milliarder tug‘ilgan shahar ma’lum bo‘ldi

Boylar

Dunyodagi eng boy insonlar qayerda tug‘iladi? Ko‘pchilik bu savolga Nyu-York, London yoki boshqa yirik biznes markazlarini aytishi mumkin. Ammo raqamlar ba’zan boshqacha so‘zlaydi. Forbes’ning real vaqt rejimidagi milliarderlar ro‘yxati asosida o‘tkazilgan 2026-yilgi tahlil dunyo bo‘yicha 1 680 nafar milliarder qaysi shaharlarda tug‘ilganini o‘rgandi. Natijada kamida 10 nafar milliarder tug‘ilgan shaharlar xaritada alohida ko‘rsatildi. Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi yirik megapolislar bilan bir qatorda kichik va kutilmagan shaharlar ham bu ro‘yxatda bor. 

Xo‘sh, dunyo milliarderlari eng ko‘p qaysi shaharda tug‘ilgan?

Nyu-York — milliarderlar “boshlanadigan” shahar

Tahlilga ko‘ra, milliarderlar tug‘ilgan shaharlar orasida Nyu-York birinchi o‘rinda turadi. Bu shaharda 69 nafar milliarder dunyoga kelgan. Bu ko‘rsatkich nafaqat dunyodagi boshqa shaharlardan ko‘p, balki AQShdagi keyingi bir nechta shahardagi milliarderlar sonini qo‘shganda ham undan kam chiqadi.

Milliarderlar eng ko‘p tug‘ilgan shaharlar orasida quyidagilar ajralib turadi:

Nyu-York — 69 nafar

Gonkong — 57 nafar

Singapur — 30 nafar

Mumbay — 28 nafar

Moskva — 25 nafar

Milan va Los-Anjeles — 16 nafardan

Rio-de-Janeyro va Chikago — 15 nafardan

San-Fransisko va Monreal — 13 nafardan

Toronto, Filadelfiya va Xanchjou — 12 nafardan

Taypey, Stokgolm, Istanbul va Boston — 11 nafar

Ingelxaym am Rayn va Afina — 10 nafardan milliarder tug‘ilgan.

AQShning eng yirik shahri bo‘lgan Nyu-York o‘nlab yillar davomida moliya, biznes va san’at kabi sohalarning global markazi bo‘lib kelmoqda. Shu sababli ham bu shahar tadbirkorlik va katta boylik shakllanishida juda muhim rol o‘ynaydi.

Nyu-Yorkda tug‘ilgan eng boy insonlardan biri — Larri Ellison. U Oracle kompaniyasining raisi va bosh texnologiya direktori bo‘lib, dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatida oltinchi o‘rinda turadi. Uning boyligi deyarli 200 milliard dollarga teng. Ellison 1944-yilda Bronksda tug‘ilgan, ammo keyinchalik uni asrab olgan ota-onasi bilan Chikagoda ulg‘aygan.

Osiyo shaharlari ham milliarderlar markaziga aylangan

Nyu-Yorkdan keyin eng ko‘p milliarder tug‘ilgan shaharlarning uchtasi Osiyoda joylashgan. Gonkongda 57, Singapurda 30, Mumbayda esa 28 nafar milliarder tug‘ilgan. Bu shaharlarda tug‘ilgan ko‘plab boy insonlar keyinchalik AQSh, Xitoy yoki Hindistonda biznes qilib katta boylik orttirgan.

Ro‘yxatda yana bir qiziqarli shahar — Taypey ham bor. Bu yerda 11 nafar milliarder tug‘ilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich Boston va Stokgolm bilan bir xil. Aynan shu shaharda dunyodagi eng mashhur texnologiya tadbirkorlaridan biri — Jensen Huang tug‘ilgan. U 1963-yilda Taypeyda dunyoga kelgan va 30 yoshida Nvidia kompaniyasiga asos solgan. Bugungi kunda Nvidia dunyodagi eng yirik texnologiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, Huangning boyligi 150 milliard dollardan oshadi.

40 minglik shahar

Ro‘yxatdagi ko‘plab shaharlar Moskva (25) yoki Chikago (15) kabi yirik iqtisodiy markazlar bo‘lishi tabiiy. Janubiy Amerikadan esa faqat Rio-de-Janeyro (15) ro‘yxatga kirgan, Afrikadan esa 10 nafardan ortiq milliarder tug‘ilgan birorta shahar ham yo‘q.

Ammo eng qiziq shahar — Germaniyadagi Ingelxaym am Rayn. Bu joyda atigi 40 mingga yaqin aholi yashaydi, ammo u yerda 10 nafar milliarder tug‘ilgan.

Buning sababi tarix bilan bog‘liq. 1885-yilda aynan shu shaharda Boehringer Ingelheim farmatsevtika kompaniyasi tashkil etilgan. Kompaniya asoschilari bo‘lgan Boehringer oilasi Germaniyaning eng boy oilalaridan biri bo‘lib, oila a’zolarining ko‘pchiligi aynan shu shaharda tug‘ilgan. Shu sababli kichkina Ingelxaym dunyo xaritasida milliarderlar tug‘ilgan kutilmagan markazlardan biriga aylangan.

Теги :
Jamiyat