Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

Endi ota-onalarga o'z bolalarini jismoniy jazolash taqiqlanishi mumkin

Yangi qonun loyihasida ta’lim muassasalarida jismoniy jazo va qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Endi ota-onalarga o'z bolalarini jismoniy jazolash taqiqlanishi mumkin

Yangi qonun loyihasida ta’lim muassasalarida jismoniy jazo va qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

 Zo‘ravonlik shakllari

Unga ko'ra, endilikda Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari amaldagi uchtadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) oltitaga (g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirilmoqda.

 Himoya orderi 

Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinishi reja qilingan. Endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.

Ota-onalar diqqatiga

SHuningdek, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Ta’lim tashkilotlaridagi qoidalar

Loyihada yana ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.

Maqsad va umid

Deputatlar loyihaning qabul qilinishi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishiga ishonishmoqda.