$
 11820.48
19.25
 13766.13
28.32
 137.51
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi pasaytiriladi

bojxona

O‘zbekistonda bojxona tizimiga oid yangi tartiblar joriy etiladi. 2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar uchun yagona bojxona to‘lovi tovar qiymatining 20 foizi miqdorida belgilanadi, bunda har bir kilogramm uchun kamida 2 dollar to‘lanadi. Eksport bilan bog‘liq ayrim yig‘im va to‘lovlar 30 foizga kamayadi.

Jismoniy shaxslar uchun bojxona to‘lovi kamayadi

2027-yil 1-yanvardan jismoniy shaxslar olib kiradigan tovarlar uchun yagona bojxona to‘lovi yangi tartibda hisoblanadi. Stavka tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz bo‘ladi, ammo hisob-kitobda har bir kilogramm uchun kamida 2 dollar to‘lanishi kerak.

2027-yil 1-iyundan yana bir yengillik kuchga kiradi. Agar shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilgan tovar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi alohida undirilishi kerak bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam chiqsa, bu yig‘imlar olinmaydi.

Tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi ham soddalashtiriladi. Bojxona nazorati uchun tovarlarga oldindan qat’iy narx belgilash taqiqlanadi. Narxlarni tekshirishda rasmiy diler va distribyutorlarning ma’lumotlaridan foydalaniladi. Xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlar import qilgan tovarlarning bojxona qiymatini esa tovarlar muomalaga chiqarilgandan keyin tekshirish imkoniyati yaratiladi.

Eksportdagi ayrim xarajatlar 30 foizga kamayadi

Tovarlarni chet elga chiqarishda tadbirkorlarning ayrim xarajatlari ham kamayadi. Eksport jarayonlarini raqamlashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar 30 foizga arzonlashadi.

2026-yil 1-oktyabrdan xavf darajasi past va QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ham yangi imkoniyat beriladi. Ular import paytida to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olishi mumkin bo‘ladi.

Bojxona xizmatlarini bir joyga jamlash ham rejalashtirilgan. 2028-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar uchun yagona mobil ilova ishga tushiriladi. Unda bojxona organlarining barcha xizmatlaridan foydalanish va kerakli to‘lovlarni bir joyning o‘zida amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Importga 2 soat, eksportga 30 daqiqa

Yangi tartiblar bojxonada uzoq kutish vaqtini ham qisqartirishi kerak. Rejaga ko‘ra, import qilinayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish o‘rtacha 2 soatgacha, eksportda esa 30 daqiqagacha tushiriladi.

Jismoniy shaxslar uchun naqd valyuta olib chiqish tartibini ham o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

Теги :
Jamiyat