$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

Tinchlik tashkilotining oʻzida tinchlik yoʻq: BMTning umri avgustning oʻrtasigacha...

BMT

Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining eng yirik ikki donori — Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy tomonidan a’zolik badallari o‘z vaqtida to‘lanmayotgani oqibatida yana jiddiy moliyaviy tanqislikka yuz tutdi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Vashingtonga tegishli to‘lovlar miqdori allaqachon 4 milliard dollardan oshib ketgan. Pekin esa tashqi ishlar vaziri Van Ining Nyu-Yorkka amalga oshirgan tashrifi doirasida 850 million dollarga yaqin mablag‘ o‘tkazgan bo‘lsa-da, hanuzgacha tashkilotdan 455 million dollar atrofida qarzdor bo‘lib turibdi. Xitoy hukumati o‘zining moliyaviy majburiyatlarini to‘liq bajarishini hamda BMT tizimidagi yetakchi rolini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlayotgan bir paytda, AQSр keyingi moliyalashtirish jarayonlarini tashkilotda keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish va xarajatlarni qisqartirish sharti bilan bog‘lamoqda.

Donorlik mablag‘larining kamayishi va siyosiy sabablar

Moliyaviy inqiroz faqat ikki yirik davlat bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Dunyoning boshqa yetakchi donor mamlakatlarida ham BMT dasturlari uchun ajratiladigan mablag‘larni qisqartirish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, Buyuk Britaniya va Germaniya ocharchilik hamda turli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishga qaratilgan global gumanitar loyihalarni moliyalashtirishni kamaytirdi. Shvetsiya va Niderlandiya kabi davlatlar tomonidan ajratilayotgan yordam hajmining pasayishi esa ushbu mamlakatlarda hokimiyat tepasiga kelgan yangi siyosiy kuchlarning kurs o‘zgarishi bilan izohlanmoqda.

“Deutsche Welle” nashrining eslatishicha, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hali o‘tgan yilning oktabr oyidayoq tashkilot tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir moliyaviy vaziyatdan ogohlantirgan edi. Tahlillarga ko‘ra, BMTning ichki zaxiralari joriy yilning avgust oyi o‘rtalarigacha yetishi mumkin, xolos. Ushbu murakkab iqtisodiy fonda a’zo davlatlar oldida 2026-yilning yakuniga qadar Guterrishning o‘rnini egallaydigan yangi Bosh kotibni tanlash bo‘yicha muhim siyosiy vazifa ham turibdi.

Ichki tejamkorlik choralari va cheklovlar

Resurslar yetishmovchiligi sababli BMT rahbariyati allaqachon qat’iy tejamkorlik rejimiga o‘tishga majbur bo‘ldi. Tashkilot kotibiyatidagi qariyb uch mingta shtat birligi qisqartirildi va ayrim ichki bo‘linmalar faoliyati to‘xtatildi. Kundalik ish faoliyatida ham jiddiy cheklovlar joriy etilgan – tarjimonlarning ish smenalari qisqartirildi, shtab-kvartiradagi ba’zi eskalatorlar o‘chirib qo‘yildi, Nyu-Yorkdagi bosh binoning fasad qismini ta’mirlash rejalari esa noma’lum muddatga kechiktirildi.

Kelgusida xarajatlarni yanada jilovlash maqsadida xodimlarni qisqartirishni davom ettirish, xizmat safarlarida biznes-klass xizmatlaridan voz kechish hamda matnlarni tarjima qilishda sun’iy intellekt va mashina tarjimasi texnologiyalarini keng joriy etish taklif qilinmoqda.

Tinchlikparvarlik missiyalariga zarba

Mablag‘ taqchilligi BMTning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — xalqaro tinchlikni saqlash faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Afrikadagi mojaroli hududlardan tinchlikparvar kontingentlarni olib chiqish jarayoni tezlashtirildi va umumiy operatsion xarajatlar keskin kamaytirildi. Bundan tashqari, BMT “ko‘k kaskalar” tarkibiga harbiy xizmatchilarini safarbar etgan Nepal va Bangladesh kabi davlatlarga ko‘rsatiladigan kompensatsiya to‘lovlarini kechiktirishga majbur bo‘lmoqda.

“The Wall Street Journal” ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, BMT rahbariyatining ushbu inqirozli vaziyatdan mustaqil chiqib ketish imkoniyatlari huquqiy jihatdan juda cheklangan. Tashkilot tijorat kreditlari olish vakolatiga ega emas. Shuningdek, Bosh kotibiyat umumiy xarajatlarning qariyb 70 foizini tashkil qiladigan ish haqi fondini mustaqil ravishda keskin qisqartira olmaydi. Hatto ma’muriyat tomonidan taklif etilayotgan kichik tejamkorlik choralari ham ko‘pincha a’zo davlatlar va xalqaro diplomatlar korpusining keskin qarshiligiga uchramoqda.

Yanvardagi Gutterish murojaati

Aslida tashkilotning moliyaviy inqirozi ildizi yil boshiga borib taqaladi. Yanvar oyi oxiriga kelib BMT o‘z tarixidagi eng og‘ir moliyaviy inqiroz bilan yuzma-yuz kelgani ma’lum qilingandi. O‘shanda bosh kotib Antoniu Gutterish, agar a’zo davlatlar o‘z majburiyatlarini bajarmasa, joriy yilning iyul oyiga kelib tashkilot faoliyati butunlay to‘xtab qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Rekord darajadagi qarz va “muzlagan” faoliyat

Bosh kotibning 28-yanvar kuni a’zo davlatlarga yo‘llagan favqulodda murojaatida ma’lum qilinishicha, 2025-yil yakuniga ko‘ra, majburiy badallar bo‘yicha qarzdorlik rekord darajaga — 1,57 milliard dollarga yetgan. Vaziyat shunchalik jiddiyligidan, hatto BMTning Jenevadagi binosida mablag‘ni tejash maqsadida isitish tizimlari va eskalatorlar o‘chirib qo‘yilgan. O‘shanda tashkilot rahbariyati mavjud moliyaviy qoidalarni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni talab qilgandi. Xalqaro ekspertlar esa inqiroz bu shunchaki raqamlar emas, balki dunyo bo‘ylab tinchlikparvarlik missiyalari, inson huquqlari himoyasi va gumanitar yordam dasturlarining amalga oshmay qolishi ekanligini ilgari surishgan.

Vashingtonning “zarbasi” va Trampning muqobil rejasi

Inqirozning asosiy sabablaridan biri sifatida BMTning eng yirik donori bo‘lgan AQShning moliyaviy siyosati o‘zgargani keltirilgan. Vashington nafaqat ixtiyoriy jamg‘armalarni qisqartirgan, balki muntazam budjet va tinchlikparvarlik operatsiyalari uchun belgilangan majburiy to‘lovlardan ham bosh tortgan.

E’tiborli jihati shundaki, AQSh prezidenti Donald Tramp BMTga nisbatan keskin tanqidiy munosabatda bo‘lib, unga muqobil ravishda “Tinchlik kengashi”ni tuzish g‘oyasini ilgari surgan. Tramp yangi tuzilma qurolli mojarolarni hal etishda eskirgan va samaradorligi past BMTdan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi, degan fikr bildirgan. Biroq bugunga kelib, Trampning “Tinchlik kengashi” ham moliyalashtirishsiz qolmoqda.

Moliyaviy mas’uliyat

Tashkilot budjetini shakllantirishda davlatlarning iqtisodiy qudrati asosiy mezon hisoblanib, bunda eng katta yuk AQSh va Xitoy zimmasiga tushadi. Xususan, Vashington asosiy budjetning 22 foizini, Pekin esa 20 foizini ta’minlashi belgilangan. Biroq o‘sha paytdagi manzara turlicha edi – Xitoy o‘z moliyaviy majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajargan bo‘lsa, AQSh to‘lovlardan butunlay voz kechgan. Shunday qilib, 2025-yil yakuniga ko‘ra, 48 ta davlat o‘z badallarini o‘z vaqtida o‘tkazmagan. Bu esa 193 ta davlatni birlashtirgan global tizimning tayanchlarini zaiflashtirgan.

Теги :
Jamiyat