$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Trampning “Tinchlik kengashi» to‘rt oydan berib mablag‘siz qolmoqda — FT

Tinchlik kengashi

AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan G‘azo sektorini qayta tiklash maqsadida tuzilgan “Tinchlik kengashi” (Board of Peace) ish boshlaganiga to‘rt oy bo‘lgan bo‘lsa-da, uning asosiy fondiga hali biror marta ham rasmiy mablag‘ kelib tushgani yo‘q. Bu haqda Financial Times (FT) nashri tashkilot faoliyatidan xabardor manbalariga tayanib xabar berdi.

“Tinchlik kengashi o‘zi nima?

Ushbu tashkilot 2026-yilning yanvar oyida G‘azoni urushdan keyin qayta tiklash tashabbusi doirasida tuzilgan edi. Loyiha BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi orqali qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, Donald Tramp kengashning doimiy raisi etib tayinlangan.

Kengash tarkibiga AQShning bir qator hamkor davlatlari va Yaqin Sharq mamlakatlari kirgan. Ishtirokchilar orasida O‘zbekiston ham tilga olingan.

Fevral oyida bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ilishda Tramp G‘azoni tiklash uchun hozirning o‘zidayoq 17 milliard dollar jalb qilishga erishilganini ma’lum qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra:

  • 10 milliard dollarni AQSh ajratishi kerak edi;
  • Yana qariyb 7 milliard dollarni esa loyihada ishtirok etayotgan boshqa davlatlar qoplab berishi ko‘zda tutilgandi.

Biroq Financial Times nashrining yozishicha, Jahon banki boshqaruvidagi rasmiy fond haligacha bo‘sh turibdi.

Mablag‘lar qayerga tushishi kerak edi?

Loyihalarni moliyalashtirish uchun alohida xalqaro tuzilma — Jahon banki tomonidan boshqariladigan G‘azoni tiklash va rivojlantirish bo‘yicha moliyaviy vositachilik fondi tashkil etilgan.

G‘azodagi infratuzilma, uy-joy, energetika va tibbiyot sohalarini qayta tiklashga qaratilgan kelgusi loyihalar aynan mana shu mexanizm orqali mablag‘ bilan ta’minlanishi kerak. Ammo FT ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda homiylardan fond hisobiga rasman biror chaqa ham o‘tmagan.

Shu bilan birga, “Tinchlik kengashi” vakillari pullarning bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri JPMorgan bankidagi hisob raqamlariga o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda. Ushbu operatsiyalarning tafsilotlari va aniq miqdori ochiqlanmayapti.

Ma’lum bo‘lgan badallar orasida nashr faqat Marokash tomonidan kiritilishi mumkin bo‘lgan taxminiy ulushni — qariyb 20 million dollarni qayd etgan, xolos.

Tiklash ishlari nega paysalga solinyapti?

Nashrning yozishicha, jarayonga birdaniga bir nechta omillar to‘sqinlik qilmoqda:

  • Mintaqada keskinlikning hamon saqlanib qolayotgani;
  • Xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarning davom etayotgani;
  • Huquqiy va siyosiy masalalar;
  • G‘azo sektorining kelgusi boshqaruv formati bo‘yicha bahs-munozaralar.

Avvalroq sulh e’lon qilinganiga qaramay, mintaqadagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Isroil hamon sektor hududining sezilarli qismini nazorat qilib turibdi.

Qayta tiklash ishlari hozircha faqat qog‘ozda

Financial Times va AFP manbalarining ta’kidlashicha, G‘azoni qayta tiklash dasturini amaliyotga tatbiq etishga hali kirishilgani yo‘q.

Bugungi kunda:

  • Yirik qurilish shartnomalari hali imzolanmagan;
  • Haqiqiy loyihalar ishga tushmagan;
  • Moliyalashtirish va mablag‘larni taqsimlash mexanizmlari hali ham muhokama qilinmoqda.

Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azoni to‘liq tiklash uchun qariyb 70 milliard dollar talab qilinishi mumkin.

Shuningdek, davlatlar “Tinchlik kengashi»ning doimiy a’zosi maqomini olishi uchun fondga 1 milliard dollar miqdorida badal puli kiritishi zarurligi aytilmoqda.

Теги :
Jamiyat