$
 12001.94
4.11
 13973.86
5.99
 166.67
-0.64
weather
+26
Кечаси   +14°

1-iyundan O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi?

1 iyun

1-iyundan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi. 

Elektr va gazning yangi tariflari joriy etiladi

1-iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amal qila boshlaydi. Hukumat qaroriga ko‘ra, aholiga qo‘llanayotgan tabaqalashtirilgan tarif tizimi saqlab qolinadi.

Yangi tariflarga ko‘ra, oyiga 200 kVt-soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan aholi har bir kVt-soat uchun 650 so‘m to‘laydi. Tabiiy gaz esa isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda 100 kub metrgacha bo‘lgan hajm uchun 1 100 so‘mdan hisoblanadi. Belgilangan limitdan ortiq foydalanilganda esa amaldagi oshirilgan tariflar qo‘llanadi.

QQS va daromad solig‘iga o‘tish chegarasi oshiriladi

Endilikda umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tish chegarasi amaldagi 1 milliard so‘mdan qariyb 5 milliard so‘mgacha oshiriladi.

Bu limit 2019-yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida inflyatsiya va narxlar sezilarli darajada oshgan edi. Shu sabab ayrim tadbirkorlar 1 milliard so‘mlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, xaridorga chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subyektga bo‘lib yuritishga majbur bo‘layotgani qayd etilgan.

Kafe va mehmonxonalarda naqd pulga alkogol va tamaki sotiladi

1-iyundan mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol hamda tamaki mahsulotlarini naqd pul evaziga sotishga yana ruxsat beriladi.

Shuningdek, alkogol mahsulotlari xarid qilinganda ulardagi raqamli markirovka kodlari yakuniy iste’molchiga sotilgan mahsulot sifatida tan olinadi.

Ko‘mir narxini davlat belgilamaydi

Ko‘mir bozorida ham muhim o‘zgarish kutilmoqda. Davlat tomonidan ko‘mir narxlarini belgilash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Buning uchun ko‘mir davlat tomonidan tartibga solinadigan strategik mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarilishi taklif etilgan. Natijada narxlar talab va taklif asosida shakllanadi. Ko‘mir savdosi birja orqali amalga oshiriladi. Issiqlik elektr stansiyalari va yirik korxonalar esa ko‘mirni hisobot davridagi o‘rtacha birja narxida xarid qiladi.

Ayrim soliqchilarning maoshi ikki baravar oshadi

Xalqaro malaka va sertifikatlarga ega bo‘lgan soliq xizmati xodimlari uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Endi ular har oy lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda qo‘shimcha ustama oladi.

Mazkur imtiyoz barcha darajadagi xalqaro sertifikatga ega soliq xodimlariga tatbiq etiladi. Qo‘shimcha mablag‘lar Soliq qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Kafe va restoranlarda qisqa muddatli ishga qabul qilish mumkin bo‘ladi

Umumiy ovqatlanish sohasida ishlovchi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat yaratilmoqda. Endi kafe va restoranlar xodimlarni bir kunlik, uch kunlik yoki bir haftalik kabi qisqa muddatlarga ham rasmiy ravishda ishga qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Bu ayniqsa mavsumiy ishlar, to‘y mavsumi yoki mijozlar ko‘payadigan kunlarda qo‘shimcha ishchi kuchini qonuniy tarzda jalb qilish imkonini beradi. Shu bilan birga vaqtinchalik ishlovchi fuqarolarning ham mehnat huquqlari himoya qilinadi.

Ugom daryosi bo‘yida qurilish taqiqlanadi

Ekologiyani muhofaza qilish maqsadida Ugom daryosining sohilbo‘yi hududlari va suvni muhofaza qilish zonalarida yangi qurilish ishlari taqiqlanadi.

Bundan tashqari, daryo havzasi va uning irmoqlarida gidrotexnik, gidromeliorativ va gidroenergetik inshootlar qurishga ham ruxsat berilmaydi.

Ugom daryosining davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish uchun yer ajratish ham man etiladi.

Qurilishdagi nazorat kuchayadi

1-iyundan qurilish obyektlarida aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlik yanada kuchaytiriladi. Endi faqat pudratchi emas, balki texnik va mualliflik nazoratchilari ham javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, loyiha tashkilotlarining “Shaffof qurilish” tizimidagi reytingi pasaytirilishi mumkin. Qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy obyektlar, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo markazlari, sanoat korxonalari va mehmonxonalar qurilishi esa onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinadi.

Mahkum yoshlar raqamli kasblarni o‘rganadi

Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida yosh mahkumlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish boshlanadi.

“Ikkinchi imkon” loyihasi doirasida tashkil etiladigan 8–12 oylik kurslarda dasturlash, IT va boshqa raqamli yo‘nalishlar o‘rgatiladi. Bundan tashqari ingliz, rus, xitoy va boshqa xorijiy tillar ham o‘qitiladi. Kursni muvaffaqiyatli tugatganlarga elektron sertifikat beriladi.

Korrupsiyaviy xavfi yuqori xodimlar tekshiriladi

Nazorat va inspeksiya organlarida ishlayotgan ayrim xodimlar maxsus diagnostikadan o‘tkaziladi.

Agar tekshiruv natijasida xodimning korrupsiyaga moyilligi yuqori yoki barqarorligi past deb topilsa, u o‘z lavozimida ishlashni davom ettira olmaydi. Bunday xodimlar xavfi pastroq bo‘lgan boshqa lavozimlarga o‘tkaziladi.

Farmatsevtika korxonalariga yangi imtiyozlar beriladi

Mahalliy dori ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar joriy qilinadi. Xalqaro GMP sertifikatlarini olish yoki JSST talablariga moslashish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha qismi davlat tomonidan qoplanadi. Bunda kompensatsiya miqdori 50 ming dollardan oshmaydi.

Shuningdek, ilmiy muassasalar tomonidan yaratilgan va hali O‘zbekistonda ishlab chiqarilmayotgan dori vositalari hamda tibbiy uskunalarni ishlab chiqarish uchun klinik sinov va ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 80 foizigacha qismi qoplab beriladi.

Ichimliklar markirovkasi boshqa davlatlarda ham tan olinadi

O‘zbekiston va hamkor davlatlar suv hamda salqin ichimliklar uchun qo‘llanadigan raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan oladi.

Yangi tizim mahsulotlarning qayerdan kelgani va qayerga yetkazilganini kuzatishni osonlashtiradi hamda noqonuniy mahsulotlar aylanmasini kamaytirishga yordam beradi.

Bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirish mumkin bo‘ladi

Tadbirkorlar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashda qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi. Endilikda bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, qayta ishlash uchun olib kiriladigan xomashyo va materiallarga nisbatan yangi sinov mexanizmi joriy etiladi. Bojxona auditi esa “maslahatchi-auditor” tamoyili asosida ishlaydi.

Теги :
Jamiyat