$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaponiyada sun’iy intellekt shov-shuvi: Toyota so‘nggi 20 yilda ilk bor mamlakatning eng qimmat kompaniyasi maqomini qo‘ldan boy berdi

Toyota

Toyota davri yakunlandimi?

Yaponiyaning avtogiganti Toyota Motor bozor kapitallashuvi (aksiya va aktivlarining umumiy qiymati) bo‘yicha so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichida ilk bor mamlakatning eng qimmat kompaniyasi unvonidan ayrildi. Sun’iy intellekt (SI) atrofidagi mislsiz yuksalish ortidan o‘z qiymatini shiddat bilan oshirib borayotgan SoftBank texnologik guruhi bozordagi yangi yetakchiga aylandi.

1-iyun kungi savdo yakunlariga ko‘ra, Toyota aksiyalari qariyb 4.5 foizga arzonlashdi va kompaniya qiymati 46 trillion iyenadan (taxminan 288 milliard dollar) pastga tushdi. Shu bilan bir vaqtda, SoftBank aksiyalari 13foizdan ko‘proqqa qimmatlashib, uning umumiy qiymati qariyb 48 trillion iyenaga (301 milliard dollar) yetdi.

SoftBank avtogigantni qanday ortda qoldirdi?

Toyota 2003-yili NTT Docomo telekommunikatsiya kompaniyasini ortda qoldirganidan buyon birinchi o‘rinni hech kimga bermay kelayotgan edi. Biroq investorlarning sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqishi keskin ortishi Yaponiya bozoridagi kuchlar muvozanatini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Oxirgi marta SoftBank kapitallashuv borasida Toyota’dan faqat 2000-yilda — dunyoda internet-kompaniyalar aksiyalari shiddat bilan o‘sgan mashhur “dotkomlar pufagi” davrida o‘zib ketgan edi.

ChatGPT va chiplarga tikilgan tikish milliardlar keltirdi

Investorlar SoftBank’ning sun’iy intellekt sohasidagi yirik aktivlari sabab unga faol sarmoya kiritmoqda. Xolding Britaniyaning mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi Arm Holdings kompaniyasining qariyb 90 foiz ulushiga egalik qiladi, OpenAI’ning eng yirik investorlaridan biri hisoblanadi, shuningdek, AQSH va Yevropada ma’lumotlar markazlarini (data-center) qurish bo‘yicha yirik loyihalarni moliyalashtirishda qatnashmoqda.

2026-yil boshidan buyon SoftBank aksiyalari deyarli 73 foizga qimmatlashdi va bu uni jahondagi sun’iy intellekt bumining asosiy benefitsiarlaridan (foyda ko'ruvchilaridan) biriga aylantirdi.

Yaponiya bozorini “sun’iy intellekt bezgagi” qamrab oldi

Sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqish to‘lqinida Yaponiyaning boshqa texnologik kompaniyalari ham shiddat bilan qimmatlashmoqda.

Ma’lumotlar markazlari uchun xotira mikrosxemalari ishlab chiqaruvchi Kioxia Holdings kompaniyasi yilning haqiqiy kashfiyotiga aylandi. Yil boshidan buyon uning aksiyalari 500 foizdan ko‘proqqa o‘sib ketdi. Bu esa kompaniyaga mamlakatning eng yirik banki — Mitsubishi UFJ Financial Group’ni ortda qoldirib, Yaponiyaning eng qimmat ochiq aksiyadorlik kompaniyalari orasida uchinchi o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi.

Xorijiy investorlar Yaponiyaga qaytmoqda

Tahlilchilar, shuningdek, chet el fondlarining Yaponiya fond bozoriga bo‘lgan qiziqishi keskin ortganini qayd etishmoqda. Faqatgina 23-mayda yakunlangan haftaning o‘zida xorijiy investorlar 1.1 trillion iyenadan ortiq qiymatdagi Yaponiya aksiyalarini sotib olishdi va shu tariqa ketma-ket sakkiz hafta davomida sof xarid seriyasini davom ettirishdi.

Ekspertlarning fikricha, jahondagi yirik fondlar Osiyoda sarmoya kiritish imkoniyatlarini tobora faolroq izlamoqda va Yaponiya kapital joylashtirish uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.

Keyingi bosqichda nima bo‘ladi?

SI-kompaniyalar atrofidagi optimizmga qaramay, tahlilchilar investorlarni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda. Endilikda chip ishlab chiqaruvchilar va sun’iy intellekt texnologiyalari yaratuvchilari bozorning shiddat bilan o‘sib borayotgan umidlarini qay darajada oqlay olishini diqqat bilan kuzatish kerak bo‘ladi. Ammo hozircha asosiy xulosa aniq: sun’iy intellekt nafaqat texnologiya sohasini, balki Yaponiyadagi eng yirik korporatsiyalar o‘rtasidagi kuchlar nisbatini ham allaqachon o‘zgartirib ulgurdi.

Теги :
Jamiyat
Avto