$
 12001.94
4.11
 13973.86
5.99
 166.67
-0.64
weather
+26
Кечаси   +14°

“Yetimlar qit’asi” va qonli raqamlar: Bugun butun dunyo nishonlayotgan kunning asl tarixi

urush va bolalar

Bugun butun dunyo bo‘ylab millionlab pufaklar havoga uchadi, xiyobonlar bolalar kulgisi bilan to‘ladi, o‘yinchoq va shirinlik rastalari jajji xaridorlarni chorlaydi. Chunki, bugun 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Biroq, ayrim yaltiroq qog‘ozlarni chetga surib, tarixiy sahifalarga va bugungi statistikalarga ko‘z yugurtirsak foydadan holi bo‘lmaydi.

Bayram tashabbusi Jeneva, Xitoy yoki Parijdanmi?

1925-yil 1-iyun kun dunyo hali Birinchi jahon urushining asoratlaridan aziyat chekayotgan bir pallada Shveytsariyada Bolalar farovonligi bo‘yicha ilk bor xalqaro konferensiya tashkillashtirildi. Siyosiy yetakchilar ilk bor “Bolalik” tushunchasini hali alohida himoyaga muhtoj qatlam ekanini e’tirof etishdi.

Xuddi shu kuni Xitoyning San-Fransiskodagi bosh konsuli ota-onasiz qolgan yuzlab yetim bolalarni to‘plab, ular uchun milliy “Ajdaho qayiqlari” festivalini tashkil qiladi. Bu voqea Jenevada o‘tayotgan xalqaro anjuman ritmiga parallel ravishda dunyo matbuotining e'tiborini tortdi.

1949-yilda esa Parijdagi yirik xalqaro kongresslarda Ikkinchi jahon urushida yetim qolgan, ochlik va kasallikdan qiynalayotgan millionlab bolalarning fojiali ahvoli dunyo hamjamiyati oldiga eng birlamchi muammo qilib qo‘yildi. Aynan Parijdagi muhokamalarda “Bolalarni himoya qilish uchun maxsus bir global harakat (kun) kerak” degan g‘oya tug‘ildi.

1-iyunni Bolalarni himoya qilish kuni haqidagi yakuniy va rasmiy qaror 1949-yilning 4-noyabrida Parijda ta’sis etilgan Xalqaro xotin-qizlar demokratik federatsiyasining Moskvada o‘tkazilgan Kengash yig‘ilishida qabul qilindi. 1950-yildan boshlab bu global harakatga aylandi.

Kattalar urush boshlaydi, bolalar aziyat chekadi

Dunyo tarixidagi jahon urushlari, kelishmovchiliklar va hatto kichik ziddiyatlar ham eng ko‘p bolalarni azoblagan. Masalan, Birinchi jahon urushiga nazar tashlasak, tarixchilar va xalqaro tashkilotlarning (shu jumladan Qizil Xoch va BMT manbalari) hisobotlari asosida dahshatli real manzarani quyidagi raqamlarda ko‘rishimiz mumkin:

  • Germaniya hukumati o‘sha paytdagi blokada natijasida vujudga kelgan ochlikdan 763 000 tinch aholi vafot etganiga da’vo qiladi. Bu raqamlarning asosiy hissasi ayollar va bolalarga to‘g‘ri keladi.
  • Italiyada urush va “Ispan grippi” epidemiyasi tufayli 1 milliondan ortiq 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar vafot etgan.
  • Commonwealth War Graves Commission ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniyada 14-19 yoshdagi 74,000 dan ortiq harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Umumiy hisobda 250,000 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar Britaniya armiyasiga yolg‘on yosh bilan qo‘shilgan.
  • Yevropada 13 million bola yetim qolgan degan taxminlar yo‘q emas. Germaniyada 1,2 million, Rossiyada 7 millionga yaqin, Fransiyada 1,1 million va Britaniyada 350 ming bolalar yetim qolishgan. Buning natijasida “Yetimlar qit’asi” metaforasi shakllangan.

Bu ko‘rsatkichlar shunchaki Birinchi jahon urushiga tegishli. Undan keyingi Ikkinchi jahon urushi, davlatlar o‘rtasidagi nizolar, genotsidlar va to‘qnashuvlar murg‘ak qalblilar hayotiga zomin bo‘lishda davom etdi. Xususan, Rossiya-Ukraina urushi natijasida 745 dan ortiq bola halok bo‘lgan va 2 375 nafardan ziyodi jarohatlangan, Isroil-HAMAS nizolari esa G‘azo sektoridagi 21 200 dan ortiq va Isroildagi 36 ta bolani hayotdan erta ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.

Ko‘rsatkichlar katta bo‘ladimi yoki kichik, farqi yo‘q, dunyodagi jamiyki bolalar doimiy yordam, tayanch va himoyaga muhtoj. Ushbu ziddiyatli zamon va maxsus kun oldimizga bir-birimizga yanada g‘amxo‘r bo‘lish vazifasini qo‘yadi, har bir kichik tushunmovchilik yoki kelishmovchilik eng avvalo bolalarga azob berishini eslatib turadi.




Теги :
Jamiyat