$
 12179.81
-30.05
 14139.54
-31.22
 156.73
-0.8
weather
+26
Кечаси   +14°

Nihoyat BMTdan sado chiqdi: Tashkilot AQSh va Isroilning Eron bilan urushini qoraladi

eron

BMTning Erondagi faktlarni aniqlash bo‘yicha mustaqil xalqaro missiyasi 4-mart kuni Isroil va AQSh tomonidan Eronga berilgan zarbalarni qoralovchi bayonot e’lon qildi.

Nizomga zid

Missiyaning ta’kidlashicha, Isroil va AQShning hujumlari hamda ulardan keyin Eronning butun mintaqa bo‘ylab bergan javob zarbalari BMT nizomiga ziddir. Mazkur nizom “har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishni taqiqlaydi”.

“Xalqaro huquq normalari barchaga nisbatan va izchil qo‘llanishi kerak — ular harakatlarni qaysi davlat amalga oshirayotganiga qarab o‘zgarishi mumkin emas”, — deyiladi bayonotda.

“Eron aholisi hozirgi kunda haftalar yoki oylar davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli harbiy kampaniya hamda inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzish bo‘yicha uzoq tarixga ega hukumat o‘rtasida qoldi. Vaholanki, xalq 2025-yil 28-dekabrda boshlangan norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishidan keyin hali o‘ziga kelib ulgurmagan edi”, — deyiladi bayonotda.

Qizlar maktabiga berilgan zarba

Missiya Minobdagi qizlar maktabiga berilgan zarbalar haqidagi xabarlardan “qattiq larzaga kelganini” bildirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 150 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘lgan. Missiya ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning aksariyati 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilaridir.

Shuningdek, missiya o‘nlab eronlik amaldorlarning AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan “maqsadli aviazarbalar” oqibatida o‘ldirilganidan g‘azabda ekanini bildirdi. “Hatto ushbu shaxslarning ba’zilari inson huquqlarini buzish yoki xalqaro jinoyatlar uchun javobgar bo‘lsa-da, suddan tashqari holda hayotdan mahrum qilish xalqaro huquqqa muvofiq adolatni qaror toptirishning maqbul vositasi hisoblanmaydi”, — deb ta’kidlanadi bayonotda.

Missiya Eronning qo‘shni davlatlarga bergan javob zarbalari yuzasidan ham jiddiy xavotir bildirdi va bu hujumlar butun mintaqa bo‘ylab tinch aholining halok bo‘lishiga hamda fuqarolik infratuzilmasining vayron bo‘lishiga olib kelayotganidan ogohlantirdi.

Erondagi faktlarni aniqlash bo‘yicha mustaqil xalqaro missiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan 2022-yil 24-noyabrda tashkil etilgan. Uning maqsadi Eronda 2022-yil 16-sentabrda boshlangan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi holatlarini tekshirishdan iborat.

Теги :
Jamiyat