Telegram har kuni o‘n minglab guruhlar va kanallarni bloklaydi
Joriy yil davomida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik mavzusiga oid materiallarni o‘z ichiga olgan deyarli 702 ming guruh, shuningdek, terrorchilik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan 129 mingga yaqin guruh va kanallar bloklangan.
1 daqiqa o‘qiladi

Telegram messenjeri o‘z veb-saytida messenjer siyosati yoki qonunlarini buzuvchi kanallar hamda kontent bloklangani haqidagi maʼlumotlarni joylashtirdi.
Har kuni oʻn minglab kanallar bloklanadi
Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda messenjerda jami 15,3 millionta guruh va kanallar bloklangan.
“Telegram har kuni o‘n minglab guruhlar va kanallarni bloklaydi hamda uning xizmat ko‘rsatish shartlarini buzuvchi millionlab kontentni, jumladan, zo‘ravonlikka chaqiriqlar, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik materiallarini tarqatish va noqonuniy mahsulotlarni sotish kabilarni o‘chirib tashlaydi”, deyiladi xabarda.
Joriy yil davomida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik mavzusiga oid materiallarni o‘z ichiga olgan deyarli 702 ming guruh, shuningdek, terrorchilik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan 129 mingga yaqin guruh va kanallar bloklangan. Terrorizmga oid 100 milliondan ortiq kontent olib tashlangan.
Moderatsiya jarayoni
Telegram’ning ma’lum qilishicha, 2015-yildan beri moderatsiya jarayoni foydalanuvchilar shikoyatlarini qabul qilish bilan bir qatorda mashinali o‘rganishga asoslangan faol monitoringni o‘z ichiga olgan. Bu yil esa sun’iy intellektga asoslangan moderatsiya vositalari joriy etilgan.



