$
 12013.40
-36.04
 13831.03
-193.31
 163.87
-0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi rektorlar bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganligiga qarab baholanadi

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi sezilarli darajada kengaygani fonida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh mutaxassislar oqimi muttasil ortib bormoqda. Xususan, 2026-yilda respublika bo‘yicha jami 320 ming nafar talaba oliy o‘quv yurtlarini tamomlashi kutilmoqda. Ana shu ulkan kontingentning bandligini samarali tashkil etish, ularni iqtisodiyot tarmoqlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga to‘g‘ri yo‘naltirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masalalarga bag‘ishlangan strategik taqdimot bilan tanishdi va sohaga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yangilangan tizim talabalar bilan individual tartibda ishlash, oliygohlardagi karyera markazlari imkoniyatlaridan unumli foydalanish va eng muhimi, har bir bitiruvchining kelajagi uchun vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar hamda yirik xo‘jalik birlashmalarining shaxsiy mas’uliyatini keskin oshirishni ko‘zda tutadi. Endilikda ushbu jarayonlar to‘liqligicha “career.edu.uz” raqamli platformasi orqali monitoring qilib boriladi hamda masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy hokimliklar darajasigacha tushirish orqali bitiruvchilar bilan ishlashning yaxlit vertikal tizimi yaratiladi.

Moliyaviy dasturlar ko‘lami kengaymoqda

Bitiruvchilarning biznes g‘oyalari va tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda qo‘llab-quvvatlashda “Kelajakka qadam” dasturi muhim dasturilamal bo‘lmoqda. O‘tgan 2025-yilda mazkur dastur doirasida 6 mingdan ziyod loyihaga 378 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi va bu qariyb 8 ming nafar yosh mutaxassisning bandligini ta’minlash imkonini berdi. 2026-yilda esa ushbu ko‘rsatkichlarni yanada o‘stirish rejalashtirilgan. Yangi maqsadlarga ko‘ra, joriy yilda 8 mingdan ortiq loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi va bu orqali 10 mingga yaqin bitiruvchi ishli qilinadi.

Taqdimot davomida ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolish va dasturni yanada kengaytirish maqsadida unda ishtirok etayotgan tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, ish beruvchilar va biznes vakillarini faol jalb etish mexanizmi sifatida yaxshi samara bergan “TalabaExpo-2026” kasb ko‘rgazmalarini respublikamizning barcha hududlarida yuqori saviyada tashkil etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Oliygohlar reytingi

Talabalarni mehnat bozoriga tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlashda bevosita oliy ta’lim muassasalarining o‘zida tizimli islohotlar amalga oshiriladi. Endilikda barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi va ularning ish samaradorligi alohida nazoratga olinadi. Markazlar faoliyatini xolis baholash uchun maxsus “Bitiruvchi sifati indeksi” joriy etiladi. Mazkur reyting natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan 20 ta oliy ta’lim muassasasining karyera markazlariga o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishlari uchun 500 million so‘mdan pul mablag‘lari ajratiladi.

Bundan tashqari, joriy yilda talabalar va ish beruvchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni faollashtirish maqsadida oliygohlar miqyosida 360 ta, fakultetlar darajasida esa 750 ta mehnat yarmarkasi o‘tkaziladi. Shuningdek, mutaxassislik yo‘nalishlari kesimida potensial ish beruvchilar ishtirokida mingdan ziyod maxsus vorkshoplar (amaliy uchrashuvlar) tashkil etilishi belgilangan.

Spin-off korxonalaridan dual ta’limgacha

Zamonaviy bitiruvchida tadbirkorlik tafakkurini shakllantirish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy o‘quv yurtlarining o‘quv dasturlariga majburiy tartibda “Tadbirkorlik asoslari” fani kiritiladi. Bu yoshlarga biznes yuritishning qonuniy va amaliy mexanizmlarini o‘rgatish imkonini beradi. Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, yangi tashkil etiladigan spin-off korxonalariga iqtidorli yoshlarni jalb etish hamda kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish amaliyoti kengaytiriladi. Talabalar o‘z bitiruv malaka ishlarini bevosita kelgusida ishlashi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida himoya qiladilar.

Islohotlarning yana bir muhim qismi — aniq buyurtma va moslashuvchan dasturlarga asoslangan maqsadli dual ta’lim shaklining yo‘lga qo‘yilishidir. Ushbu tizimda talabgorlarni dasturga qabul qilish hamda to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi va oliygoh o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida amalga oshiriladi. Eng asosiysi, buyurtmachi tashkilot talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Rektorlar reytingi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur taklif etilgan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Endilikda rektorlar va mutasaddilar faoliyatini baholashda ularning eng asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) etib bitiruvchilarning bandligi ta’minlangani darajasi belgilanadi. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bildirilgan barcha tashabbuslarni puxta ishlab chiqish va yoshlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda davlatning barcha resurslarini samarali safarbar etish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berdi.

Теги :
Jamiyat