$
 11823.69
45.17
 13797.06
63.31
 139.74
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Qaysi universitet bitiruvchisi tez ish topadi? Qaysisi yaxshi maosh oladi? — Tadqiqot

Bitiruvchi

Universitetni bitirish ko‘pchilik uchun yangi hayot boshlanishi bilan teng. Ammo diplomni qo‘lga olish bilan hammasi tugamaydi, aksincha, eng muhim bosqich endi boshlanadi. Ish qidirish. Kimdir bir oy ichida ishga kiradi, boshqasi esa yarim yil, hatto undan ham ko‘proq vaqt kutadi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI) O‘zbekistonda bitiruvchilar mehnat bozoriga qanchalik tez kirayotganini ko‘rsatdi. Tadqiqot 170 ta oliy ta’lim muassasasini tamomlagan 249 ming 432 nafar bitiruvchi ma’lumotlari asosida tuzilgan.

Natijaga ko‘ra, O‘zbekistonda OTM bitiruvchisi birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt sarflaydi. Ammo bu o‘rtacha ko‘rsatkich. Kasb, hudud va universitetga qarab bu muddat bir oydan sakkiz oygacha cho‘zilishi mumkin.

Kim ishni tezroq topmoqda?

Bitiruvchilarning ish topish tezligi tanlagan yo‘nalishiga ham bog‘liq. Eng tez ish topayotganlar — “Ta’lim” yo‘nalishi bitiruvchilari. Ular o‘rtacha 2 oy 4 kun ichida ishga joylashmoqda. Gumanitar fanlar bitiruvchilari esa birinchi ishini 2 oy 9 kunda topmoqda.

Eng uzoq kutayotganlar esa yuridik yo‘nalish bitiruvchilari. Ular uchun ish topish muddati o‘rtacha 4 oy 20 kun. Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena sohasi bitiruvchilari 4 oy 19 kun, ijtimoiy ta’minot yo‘nalishini tamomlaganlar esa 4 oy 5 kun ish izlaydi.

Qaysi hududda ish tezroq topiladi?

Hududlar kesimida eng yaxshi natija Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu yerda bitiruvchilar ishni o‘rtacha 2 oy 8 kun ichida topmoqda.

Hududlar bo‘yicha reyting:

1. Qashqadaryo — 2 oy 8 kun

2. Navoiy — 2 oy 9 kun

3. Andijon — 2 oy 9 kun

4. Namangan — 2 oy 14 kun

5. Farg‘ona — 2 oy 16 kun

6. Jizzax — 2 oy 18 kun

7. Surxondaryo — 2 oy 19 kun

8. Xorazm — 2 oy 20 kun

9. Sirdaryo — 2 oy 21 kun

10. Toshkent viloyati — 2 oy 23 kun

11. Buxoro — 2 oy 25 kun

12. Samarqand — 3 oy 3 kun

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 3 oy 7 kun

14. Toshkent shahri — 3 oy 13 kun

Qiziq tomoni shundaki, imkoniyatlar eng ko‘p deb hisoblanadigan Toshkent shahri ish topish tezligi bo‘yicha oxirgi o‘rinlarda. Bunga poytaxtdagi yuqori raqobat sabab bo‘lishi mumkin.

Eng tez va eng sekin natija ko‘rsatgan universitetlar

119 ta oliy ta’lim muassasasi orasida ish topish bo‘yicha eng yaxshi natija Qarshi xalqaro universiteti bitiruvchilariga tegishli. Ular o‘rtacha 1 oy 4 kun ichida ishga joylashmoqda.

Eng tez ish topayotgan OTMlar:

1. Qarshi xalqaro universiteti — 1 oy 4 kun

2. Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlari markazi — 1 oy 8 kun

3. Nordik xalqaro universiteti — 1 oy 14 kun

4. G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali — 1 oy 17 kun

5. Andijon davlat universiteti — 1 oy 18 kun

Eng uzoq ish qidirayotgan bitiruvchilar esa:

1. VGIKning Toshkent filiali — 8 oy 13 kun

2. O‘zbekiston Davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali — 6 oy 1 kun

3. Gubkin universiteti Toshkent filiali — 5 oy 21 kun

4. ISFT instituti — 5 oy 13 kun

5. Toshkent farmatsevtika instituti — 5 oy 10 kun

Ish topildi. Endi maosh qancha?

BSI natijalari bitiruvchilarning daromadlari haqida ham ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oyligi 4,9 mln so‘m. Hisob-kitoblar 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan rasmiy daromadlar asosida tuzilgan.

Yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha daromad ijod va sport sohasida — 6,33 mln so‘m. Amaliy fanlar bitiruvchilari o‘rtacha 5,5 mln so‘m, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagilar 4,61 mln so‘m, tibbiyot bitiruvchilari esa 4,43 mln so‘m maosh olmoqda.

Universitetlar kesimida esa farq yanada katta:

- VGIK Toshkent filiali — 23,4 mln so‘m.

- Inha universiteti — 12,6 mln so‘m.

- Vestminster universiteti — 12,5 mln so‘m.

Bu yerda faqat rasmiy daromadlar hisobga olingani alohida qayd etilgan.

Tez ish topish har doim ham ko‘p maosh degani emas

BSI natijalaridagi eng qiziq xulosalardan biri shuki, ish topish tezligi va daromad miqdori bir-biriga doim ham mos kelmaydi. Masalan, VGIK Toshkent filiali bitiruvchilari ishni eng uzoq qidirayotganlardan biri. Lekin aynan ular o‘rtacha daromad bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rinni egallagan.

Demak, universitet tanlashda faqat diplom olish emas, bitirgandan keyingi natijaga ham qarash kerak. Bugungi abituriyent uchun eng muhim savollardan biri endi shunday eshitiladi: “Bu OTMni bitirsam, ishni qanchada topaman va qancha maosh olaman?”

Теги :
Jamiyat