$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Joriy yilning olti oyi davomida birja savdolarida 76 ta qoidabuzarliklar aniqlandi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘ziga yuklangan funksiya va vazifalardan kelib chiqib, birja savdolari orqali sotishga mo‘ljallangan 49 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning realizatsiyasi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

76 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan

Bugungi kunda birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni sotuvchi 4 mingdan ortiq korxona (sotuvchi) mavjud bo‘lib, ulardan 90 (3 foizi) monopolist va davlat ulushiga ega korxonalar, qolgan 4 054 tasi (97 foizi) davlat ulushiga ega bo‘lmagan boshqa korxonalardir.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan 2024-yilning birinchi yarmida birja savdolari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun 76 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan boʻlib, ulardan 32 tasida narxlarni sunʼiy ravishda oshirish bilan bogʻliq manipulyatsiya harakatlari aniqlangan.

Yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar

Qonunbuzarliklar asosan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar: sanoat chigitlari, paxta tolasi, shrot, po‘stloq, kir sovuni, o‘simlik moyi, bug‘doy uni, omuxta yem, mineral o‘g‘itlar, ko‘mirni sotishda aniqlangan.

Qo‘mita Samarqand shahar boshqarmasining maxsus komissiyasi tomonidan “Samarqand Kamalak Invest Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga texnik paxta chigiti, paxta yog‘i, g‘o‘za unini birja orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.

“Shuningdek, 23 ta tadbirkorlik subyektiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasiga asosan moliyaviy jazo choralari qo‘llanildi”, – deyiladi xabarda.

Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlar

Birja savdolarini tartibga solish maqsadida Qoʻmita tomonidan 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar: bugʻdoy va un, tunuka non, mol goʻshti, parranda goʻshti, tuxum, paxta yogʻi, kungaboqar yogʻi, guruch, shakar, qadoqlangan sut narxlari doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Xususan, ichki bozorda o‘simlik yog‘ining 39, un mahsulotlarining 14, mol go‘shtining 26, parranda go‘shtining 24, kartoshkaning 23 foizi import qilinmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, joriy holatni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda:

- suyakli mol go‘shti 14 foizga, qo‘zichoq go‘shti 13 foizga, tunuka non 7 foizga, parranda go‘shti 4 foizga, guruch 12 foizga qimmatlashdi;

- qand 4 foizga, paxta yog'i 10 foizga, kungaboqar yog'i 15 foizga, tuxum 4 foizga kamaydi;

- un va kartoshka narxlari oʻzgarishsiz qolgani maʼlum boʻldi.

“Qo‘mita birja savdolarida raqobatni cheklovchi xatti-harakatlar holatlarini doimiy monitoring qilish, shuningdek, aniqlangan qoidabuzarliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda”, – deyiladi qo‘mita xabarida.

Теги :
Jamiyat