$
 11986.30
10.94
 13937.67
-83.08
 163.61
0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston iqtisodiyoti global maydonda: London fond birjasidagi tarixiy IPO

Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston o‘z iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Mamlakat tarixida ilk bor mahalliy aksiyalar xalqaro ommaviy savdoga chiqarilib, London va Toshkent fond birjalarida bir vaqtning o‘zida IPO jarayonlari boshlandi. Mazkur voqelik nafaqat moliyaviy amaliyot, balki so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning xalqaro e’tirofidir.

Global kapital bozoriga chiqish

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) hamda dunyoga mashhur “Franklin Templeton” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan ushbu loyiha kutilganidan ham yuqori natijalarni ko‘rsatdi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, ushbu jarayon mamlakat iqtisodiyoti uch barobar o‘sgani va davlat institutlari samaradorligi ortganining mahsulidir.

 “Mamlakatimiz IPO jarayonlarida “BlackRock”, “Franklin Resources”, “Redwheel” kabi ko‘plab yirik xalqaro investorlarning ishtirok etishi dunyo hamjamiyati tanlagan yo‘limiz, salohiyatimiz va kelajagimizga ishonch bildirayotganining yorqin isbotidir”, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.

Saida Mirziyoyevaning London fond birjasi (LSE) bosh ijrochi direktori Juliya Enn Xoggett bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ushbu voqelikka yuqori baho berildi. Xususan, mazkur joylashtiruv London birjasida so‘nggi besh yil ichidagi eng yirik IPO deb e’tirof etildi.

Britaniya sarmoyadorlari bilan hamkorlik

Shuningdek, administratsiya rahbarining Londonga tashrifi doirasida Buyuk Britaniya hukumati vakillari — Bosh vazirning investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Varun Chandra hamda lord Jon Olderdays bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqotlarning asosiy mavzusi O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotgani va amaliy natijalar bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtga kelib mamlakatimizga yo‘naltirilgan investitsiyalar miqdori bir milliard dollardan oshgan.

Shu bilan birga, “Franklin Templeton” bosh ijrochi direktori Jenni Jonson bilan muloqotda kapital bozorini rivojlantirish va Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish kabi strategik masalalar ko‘rib chiqildi. Jonson xonim O‘zbekistonning bunday murakkab moliyaviy jarayonni juda qisqa muddatda va a’lo darajada amalga oshirganini alohida qayd etdi.

“Yashil” iqtisodiyot va ESG standartlari

Zamonaviy moliya bozori faqatgina foyda emas, balki ijtimoiy va ekologik mas’uliyatni ham talab etadi. Shu bois, London fond birjasi rahbariyati bilan kechgan muloqotda barqaror moliyalashtirish, ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) standartlari hamda “yashil” obligatsiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu sa’y-harakatlar o‘zbek kompaniyalarini global bozor talablariga moslashtirish va ularning xalqaro investorlar oldidagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 “Bunday muvaffaqiyat global investorlar Prezidentimiz islohotlari natijasini amalda ko‘rayotgani va mamlakatimiz iqtisodiyotiga ishonch bildirayotganini yaqqol tasdiqlaydi”, — deya xulosa qiladi Mirziyoyeva.

Shunday qilib, O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi debyuti muvaffaqiyatli kechdi. Bu esa mamlakatning nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi ishonchli va ochiq iqtisodiy hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Теги :
Jamiyat