$
 12015.96
-26.53
 14051.46
-96.06
 160.30
-0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Mitti jonlar uchun najot: JSST chaqaloqlar uchun ilk bezgak dorisini ma’qulladi

Malaria

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) va “Deutsche Welle” xizmati xabariga koʻra, endilikda besh kilogrammgacha boʻlgan goʻdaklar bezgakdan maxsus ishlab chiqilgan dori vositasi yordamida himoya qilinadi.

Xavfli tajribalardan tibbiy aniqlikka

Uzoq yillar davomida tibbiyot olamida chaqaloqlar uchun bezgakka qarshi maxsus preparatning yoʻqligi jiddiy muammo boʻlib kelayotgan edi. Shifokorlar vazni 5 kilogrammdan kam boʻlgan mitti bemorlarni davolashda kattalar uchun moʻljallangan dori vositalarini boʻlib berishga majbur boʻlishgan. Biroq bunday usul dozani notoʻgʻri belgilash, samarasiz davolanish va eng yomoni, nozik organizmning kuchli zaharlanishiga olib kelar edi.

JSST tomonidan maʼqullangan, tarkibi artemeter va lumefantrin moddalaridan iborat yangi preparat aynan goʻdaklar fiziologiyasiga moslashtirilgan. Ushbu ruxsatnoma dunyo mamlakatlariga dorini murakkab va uzoq klinik sinovlarsiz roʻyxatdan oʻtkazish huquqini beradi. Bu esa BMT agentliklariga kasallik oʻchoqlari boʻlgan hududlarga hayotbaxsh dori-darmonlarni zudlik bilan yetkazib berish imkonini yaratadi.

Raqamlar ortidagi fojia

Bezgak nafaqat yuqumli kasallik, balki bolalar oʻlimining asosiy sababchilaridan biri boʻlib qolmoqda. Statistik maʼlumotlar kishini larzaga soladi. Bu kasallikdan vafot etuvchilarning 70 foizi hali besh yoshga ham toʻlmagan norasidalardir. Har yili bezgak asoratlari tufayli 10 mingga yaqin ona hayotdan koʻz yumadi, 200 ming bola oʻlik tugʻiladi, 550 mingdan ortiq chaqaloq esa kam vazn bilan dunyoga keladi.

Garchi 2000-yildan buyon amalga oshirilgan global harakatlar 14 million inson hayotini saqlab qolgan boʻlsa-da, 2024-yil yakunlari vaziyat hamon ogʻirligini koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili dunyo boʻylab 282 million kishi bezgakka chalingan boʻlsa, yarim milliondan ortiq inson bu dard qurboniga aylandi.

Afrika uchun yangi umid

Kasallikning asosiy zarbasi Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlariga toʻgʻri keladi — dunyodagi barcha holatlarning 90 foizi aynan shu mintaqada qayd etilgan. Har yili ushbu xavfli hududlarda 30 millionga yaqin chaqaloq dunyoga kelishini hisobga olsak, yangi dori vositasi qitʼadagi tibbiy boʻshliqni toʻldirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning taʼkidlashicha, yangi vaksinalar, tezkor testlar va endilikda chaqaloqlar uchun maxsus dorilarning paydo boʻlishi bezgakka qarshi kurash strategiyasini butunlay yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bugungi kunda ilm-fan va xalqaro hamjamiyatning birdamligi asrlar davomida davo topilmagan ushbu “botqoqlik isitmasi”ni butkul yengishga qodir.

Теги :
Jamiyat