$
 12035.22
21.82
 13915.12
84.09
 167.95
4.08
weather
+26
Кечаси   +14°

Poytaxtda bitta bekat qurish 10-20 ming dollarga tushishi aytildi

bekat

Avvalroq, Toshkent shahri hokimining Kun.uz jurnalisti bilan bo‘lgan intervyusida “Har biri qurilayotgan yangi bekat 10 ming dollardan 20 ming dollargacha mablag‘ talab qiladi” degan gapi keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov: “Bilmayman, bu raqam qayerdan olingan, qanday kalkulyatsiya qilingan, namunali bekatlarni joylashtirish bo‘yicha raqobatli tender bo‘lganmi yo yo‘q. Unisi qorong‘i. To‘rtta qoziq 500 ming so‘m, tomi 500 ming so‘m, videoregistrator 500 ming so‘m…? Kalkulyatsiyasi yo‘q bo‘lsa, tender o‘tkazinglar! Xarajatlarning manbasi qanday? Kim pudratchi? Materiallarni kim yetkazyapti?” deya qiziqish bildirgan edi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazining ushbu muhokamalarga munosabat bildirishicha, Toshkent shahrida yangidan qurilayotgan avtobus bekatlari davlat byudjetidan qurilmayotgan ekan.

“Bekat majmuasini modernizatsiya qilish — bu oddiy metall konstruksiya o‘rnatish emas. Bu to‘laqonli infratuzilmaviy loyiha bo‘lib, hududni tayyorlash, kutish maydonini kengaytirish, qulay perron barpo etish, piyodalar yo‘laklariga plitka qoplamalarini yotqizish, muhandislik va montaj ishlarini bajarish, texnologik tizimlarni ulash, xavfsizlik uskunalari, raqamli servislar hamda shahar infratuzilmasi elementlarini o‘rnatishni o‘z ichiga oladi” deya xabar bergan markaz matbuot xizmati.

20 ming dollarlik bekatlarda nimalar bo‘lishi kutilmoqda?

Yangi bekat majmualarini zamonaviy texnologik va servis yechimlari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Jumladan:

— 24/7 rejimida ishlovchi videokuzatuv kameralari;

— favqulodda holatlarda “112” xizmatiga ulanish imkonini beruvchi SOS tugmasi;

— avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatuvchi LED ekranlar va elektron axborot tablolari;

— mobil qurilmalarni quvvatlash stansiyalari;

— vending apparatlari;

— qulay o‘rindiqlar;

— chiqindi qutilari va shahar infratuzilmasining boshqa zarur elementlari.

Rasul Kusherbayev ham ushbu holatga “Ammo savol oddiy: bu jihozlarni qayerda ko‘ryapmiz? Muqimiy, Bobur yoki Istiqbol ko‘chasidagi ko‘plab yangi bekatlarda na LED ekran, na SOS tugmasi, na boshqa zamonaviy infratuzilmani ko‘rish mumkin. Agar bir bekat haqiqatan ham 20 ming dollar tursa, kalkulyatsiyasini ochiqlang:

— materiallar qancha?

— jihozlar qancha?

— montaj ishlari qancha? Yoki tender hujjatlarini e’lon qiling: — pudratchi kim?

— mablag‘ manbasi qanday? — xarid qanday tartibda amalga oshirilgan? Jamoatchilik qimmat narx haqidagi bayonotni emas, uni tasdiqlaydigan aniq raqam va hisob-kitoblarni kutmoqda” deya fikr bildirgan.

Boshqa davlatlarda bitta bekat qurilish xarajati qancha?

Biz ushbu holat bo‘yicha boshqa mamlakatlardagi bekatlar bilan narx va sifat jihatidan solishtirib ko‘rdik. Bu yerda narxni YaIM mahsulotning aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishiga qarab solishtirdik.

O‘zbekiston - YaIM aholi jon boshiga 4,5 ming dollardan tushadi. Toshkentdagi bitta bekatni qurilishiga 10 mingdan 20 ming dollargacha hisoblangan.

Buyuk Britaniya - YaIM aholi jon boshiga 51 ming dollardan tushadi. Londondagi bitta bekatni qurilishiga 15 ming dan 24 ming dollargacha hisoblangan.

AQSH - YaIM aholi jon boshiga 94 ming dollardan tushadi. Ohiodagi bitta bekatni qurilishiga 12 ming dollargacha hisoblangan.

Qirg‘iziston - YaIM aholi jon boshiga 3,1 ming dollardan tushadi. Jalolobodda bitta bekatni qurilishi 7,5 ming dollargacha hisoblangan.

Теги :
Jamiyat