$
 12132.48
-5.38
 14360.00
-19.72
 159.09
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat bayrog‘idan foydalanish tartibi o‘zgarmoqda

Bayroq

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idan foydalanish madaniyatini huquqiy jihatdan tartibga solish, unga nisbatan hurmat va ehtiromni yanada mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 17-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi. Mazkur hujjatda bayroqni vertikal holda joylashtirish, uni rasmiy tadbirlarda qo‘llash hamda motam marosimlarida foydalanishning aniq qoidalari bayon etilgan.

Vertikal joylashtirish: Yangi standartlar va talablar

Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda Davlat bayrog‘ini dastasiz, vertikal shaklda devorlarga yoki maxsus konstruksiyalarga o‘rnatish tartibi rasmiylashtirilmoqda. Bunda asosiy e’tibor bayroqdagi ramzlarning joylashuviga qaratilgan: bayroq vertikal osilganda, yarim oy va yulduzlar tasviri yuqori o‘ng burchakda, ya’ni kuzatuvchining o‘ng tomonida bo‘lishi shart. Shuningdek, bayroq matosining pastki qismi yer sathidan kamida 30 santimetr balandlikda turishi lozim.

davlat bayrog‘i, dafn marosimи

Ko‘cha va maydonlarda bayroqni joylashtirishda transport harakati yo‘nalishi ham inobatga olingan. O‘ng tomonlama harakatlanish tartibidan kelib chiqib, yo‘lovchilar va haydovchilar uchun bayroq ramzlari yuqori o‘ng burchakda ko‘rinishi, orqa tomondan qaralganda esa chap tomonda bo‘lishi belgilangan. Jamoat joylariga kirish qismida ham bayroq xuddi shu tarzda — kirib kelayotgan shaxsga nisbatan o‘ng burchakda oy-yulduzlari bilan ko‘rinib turishi talab etiladi.

So‘nggi yo‘ldagi ehtirom: Dafn marosimidagi tartib

Loyihaning eng muhim yangiliklaridan biri — Davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopish tartibining belgilanishidir. Ushbu sharafli marosim davlat va jamiyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uchun ko‘zda tutilgan.

Bunda bayroqning oy va yulduzli qismi marhumning bosh qismi va chap yelkasi ustida bo‘lishi, mato chetlari esa yerga tegmagan holda tobutni to‘liq yopib turishi lozim. Muhimi, bayroq ustiga hech qanday buyum qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jasad qabrga qo‘yilishidan oldin bayroq yuksak ehtirom bilan yig‘ib olinadi va munosib joyda saqlanadi.

Rasmiy xonalar va ommaviy tadbirlar: Ustuvorlik qoidasi

Hujjatda mahalliy hokimiyat organlarining majlis zallarida va diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining xonalarida bayroqni joylashtirish tartibi ham aniqlashtirilgan. Bayroq raislik qiluvchining orqa tomonida yoki o‘ng yonida, ishtirokchilar uchun esa markaziy va to‘siqsiz ko‘rinadigan joyda bo‘lishi lozim.

Agar majlislar zalida bir nechta bayroq bo‘lsa, O‘zbekiston bayrog‘i har doim o‘ng tomonda yoki kompozitsiyaning markazida — eng ustuvor o‘rinda bo‘lishi shart. Ommaviy tadbirlarda, xususan saf tortib yurishlarda Davlat bayrog‘i har doim safning old qatorida yoki o‘ng qanotida olib yuriladi. Uni boshqa bayroqlardan keyin olib yurish qat’iyan man etiladi.

Milliy ramzga nisbatan taqiqlar

Qonun loyihasi bayroqqa nisbatan har qanday hurmatsizlikka chek qo‘yishni maqsad qilgan. Jumladan, bayroqni teskari osish, uning estetik ko‘rinishini buzadigan darajada notekis o‘rnatish, ustiga turli predmetlarni qo‘yish yoki uning ramziy mazmunini kamsituvchi harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 4-martiga qadar davom etadi. Bu har bir fuqaroga milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan bayrog‘imizdan foydalanish qoidalarini takomillashtirishda o‘z fikrini bildirish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat