Koʻpqavatli uyning 10-qavatida basseyn qurganlar jarimaga tortildi
Mulkdor holatni oʻz ixtiyori bilan bartaraf qilib, uyni oldingi holatiga qaytarmasa unga nisbatan tegishli hujjatlar toʻplanib, ish sudga oshiriladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda koʻp qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida oʻzboshimchalik bilan basseyn qurilganligi aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Uyning loyihasida mavjud boʻlmagan basseyn
Qayd etilishicha, murojaatlarga asosan Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahar "Sugʻdiyona" mahallasidagi 67-A sonli koʻp qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida oʻzboshimchalik bilan basseyn qurilgani aniqlangan.
"Basseyn koʻp qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan. Seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, seysmik mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin", - deyiladi xabarda.
Ish sudga oshirilishi mumkin
Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 159-moddasiga asosan ma'muriy jarimalar qoʻllanilgan va majburiy koʻrsatmalar berilgan.
Majburiy koʻrsatmada berilgan vaqt ichida mulkdor holatni oʻz ixtiyori bilan bartaraf qilib, uyni oldingi holatiga qaytarmasa unga nisbatan tegishli hujjatlar toʻplanib, majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga da'vo arizasi kiritilishi tushuntirilgan.



