$
 11981.81
-32.67
 13879.73
21.03
 165.13
-1.48
weather
+26
Кечаси   +14°

Bankomat pul bermadimi? Endi banklar jarimaga tortiladi

Bankomat

Shu yilning avgust oyidan boshlab O‘zbekistondagi banklar bankomatlar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun moliyaviy jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida ma’lum qildi.

Minglab shikoyatlar va yuz minglab nosozliklar

Senat ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2025-yilning o‘zida bankomatlardan naqd pul yechish bilan bog‘liq 290 mingga yaqin texnik muammo qayd etilgan. 3 mingdan ortiq fuqaro ushbu masalada ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning ta’kidlashicha, huquq-tartibot idoralari jinoyatchilikning oldini olish bilan shug‘ullanish o‘rniga, vaqt va kuchini bunday murojaatlarni o‘rganishga sarflashga majbur bo‘lmoqda.

Qancha operatsiya muammosiz bajarilgan?

Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, 2025-yil davomida bankomatlar orqali naqd pul berish bo‘yicha jami 341 millionta operatsiya amalga oshirilgan. Muammoli tranzaksiyalarning ulushi bor-yo‘g‘i 0,08% ni tashkil etgan, xolos.

Shu bilan birga, nosozliklarning qariyb 85 foizi bevosita banklar faoliyatiga bog‘liq emasligi aniqlangan:

  • taxminan 20 foiz holatda bankomatda kerakli nominaldagi banknotlar (kupyuralar) qolmagan;
  • yana 20 foizga yaqini — karta bloklangani yoki PIN-kod noto‘g‘ri kiritilgani sababli;
  • 15 foizi — aloqa tizimidagi uzilishlar tufayli;
  • 10 foizga yakini esa — elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida yuzaga kelgan.

Muammoli operatsiyalarning qariyb 15 foizi, ya’ni 46 mingga yaqin holat bevosita banklar va to‘lov tizimi operatorlari aybi bilan sodir bo‘lgan.

Banklar nima uchun jazolanadi?

Markaziy bank rahbari regulyator bankomatlardagi har bir operatsiyani nazorat qila olmasligini, biroq iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish hamda banklarning xizmat ko‘rsatish sifati uchun mas’uliyatini oshirish niyatida ekanini bildirdi.

Mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida, Markaziy bank 15-may kuniyoq tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga bir qator majburiy talablarni yuborgan edi.

Yangi qoidalar avgust oyidanoq kuchga kiradi

Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank me’yoriy hujjatlar paketini tayyorlagan bo‘lib, ularning birinchisi 6-avgustdan kuchga kiradi.

Shu vaqtdan boshlab, bankomatlardan foydalanishda mijozlarga xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun banklarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanilishi mumkin.

Bundan tashqari, regulyator fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash sifati bo‘yicha maxsus indeks ishlab chiqdi. Ko‘rsatkichlari eng yomon bo‘lgan banklar ro‘yxatini ommaga ochiq tarzda e’lon qilib borish rejalashtirilmoqda.

Теги :
Jamiyat