$
 12035.22
21.82
 13915.12
84.09
 167.95
4.08
weather
+26
Кечаси   +14°

Talaba va bitiruvchilar uchun 10 ta eng yaxshi imtiyozli bank

Pul

Joriy yilda O‘zbekistonda 472 ming nafardan ortiq yoshlar maktabni bitirib, mustaqil hayot sari ilk qadamini qo‘ydi. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarini qariyb 320 ming nafar talabalar ham tamomlamoqda. Bu esa bir vaqtning o‘zida salkam 800 ming nafar g‘ayratli, zamonaviy bilimlarga ega va katta maqsadlarni ko‘zlagan yoshlar mehnat bozoriga kirib kelayotganini anglatadi. Biroq mehnat bozoridagi raqobat tobora kuchayib bormoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining qariyb 59 foizi o‘z mutaxassisligiga mos ish topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Tajriba yetishmasligi, bo‘sh ish o‘rinlarining cheklanganligi yoki ish beruvchilarning yuqori talablari yoshlarning bandlik masalasini dolzarb muammoga aylantirmoqda. Bunday vaziyatda eng oqilona yechim tayyor ish o‘rnini kutib o‘tirish emas, balki o‘z biznesini boshlash, yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va boshqalar uchun ham ish o‘rinlari yaratishdir.

Bugungi avlod kreativ fikrlaydi, mustaqil qaror qabul qilishga intiladi va o‘z g‘oyalarini amalga oshirishdan cho‘chimaydi. Agar siz ham o‘z biznesingizni boshlashni, qiziqishlaringizni daromad manbaiga aylantirishni istasangiz-u, ammo yetarli mablag‘ga ega bo‘lmasangiz, tushkunlikka tushishga asos yo‘q. Joriy yilda yoshlarning startap va biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Turli davlat dasturlari va bank mahsulotlari orqali talabalar hamda bitiruvchilar imtiyozli kreditlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Biznes boshlashdan avval nimalarga e’tibor berish kerak?

Mutaxassislarning fikricha, bankka murojaat qilishdan oldin har bir yosh tadbirkor uchta muhim bosqichni bosib o‘tishi lozim.

Avvalo, qaysi sohada faoliyat yuritmoqchi ekaningizni belgilab olishingiz zarur. Bu IT xizmatlari, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri tanlangan yo‘nalish biznesning kelgusidagi muvaffaqiyatini belgilab beradi.

Ikkinchi qadam rasmiy ro‘yxatdan o‘tish lozim. Buning uchun davlat soliq xizmati organlarining maxsus ilovalari orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. Mazkur jarayon bepul amalga oshiriladi va ayrim soliq imtiyozlaridan foydalanish imkonini ham taqdim etadi.

Uchinchi qadam esa biznes-reja tuzish. Ushbu bosqich eng muhimi hisoblanadi. Biznes-rejada kredit mablag‘lari qaysi maqsadlarga sarflanishi, loyiha qanday daromad keltirishi hamda qarz mablag‘lari qay tartibda qaytarilishi aniq ko‘rsatilishi kerak. Sifatli biznes-reja bankning ishonchini oshiradi va tadbirkorning o‘zi uchun ham amaliy yo‘l xaritasiga aylanadi.

2026-yilda yoshlar uchun qanday imkoniyatlar yaratildi?

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit stavkalari qayta ko‘rib chiqildi. Standart tumanlarda kreditlar yillik 17,5 foiz, respublikadagi 37 ta og‘ir toifadagi tumanlarda esa 12 foiz stavkada ajratiladi. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun maksimal kredit miqdori 50 million so‘mgacha yetkazildi. Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yoshlarga yillik 15 foiz stavka bilan 7 yilgacha muddatga kreditlar taklif etilmoqda. Oliygoh bitiruvchilari uchun “Mening birinchi kasbim” stajirovka dasturi hamda hududlarda “Yoshlar biznes inkubatorlari” markazlarini tashkil etish belgilangan. Shu bilan bir qatorda, kamida 5 nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit berilishi ko‘zda tutilgan.

Yoshlar uchun tavsiya etilayotgan 10 ta bank

Aloqabankning “Biznesga birinchi qadam – Yoshlar uchun” dasturi doirasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga 100 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit muddati 7 yilgacha, yillik stavkasi esa 18 foizni tashkil etadi. Dastur doirasida asosiy qarz bo‘yicha 2 yilgacha imtiyozli davr berilishi uning asosiy afzalliklaridan biridir.

Mikrokreditbank “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida hunarmandchilik va kichik xizmat ko‘rsatish loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun 50 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Tuman toifasiga qarab kreditlar yillik 12 yoki 17,5 foiz stavkada beriladi. Kredit muddati faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib 3 yildan 7 yilgacha etib belgilanadi.

Biznesni rivojlantirish banki – “Yosh tadbirkor” startap krediti orqali kichik biznes loyihalari uchun 2,5 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratadi. Kreditlar 5 yilgacha muddatga, yillik 18 foiz stavkada beriladi. Dastlabki 12 oy davomida faqat foiz to‘lash imkoniyati mavjud.

Sanoat Qurilish Banki “Yosh tadbirkor” mikroqarz mahsuloti doirasida 100 million so‘mgacha yillik 18 foiz stavkada kredit taklif etadi. Kredit muddati 5 yilni tashkil etadi. Yosh tadbirkorlarga 12 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr taqdim etiladi.

O‘zbekiston Milliy banki tomonidan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va IT yo‘nalishlaridagi loyihalar uchun 100 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Kredit stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi ustiga 4 foiz qoʻshish orqali belgilanadi. Shuningdek, ushbu loyihalar uchun 12 oygacha imtiyozli davr ham mavjud. Alohida shartlardan biri — salbiy kredit tarixi va muddati o‘tgan kredit qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi kerak.

Asakabank yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida loyiha smetasiga qarab 2,5 milliard so‘mgacha kredit ajratadi. Yillik foiz stavkasi 18 foizni tashkil etib, asosiy qarz bo‘yicha 1 yilgacha imtiyozli davr mavjud.

Turonbank xizmat ko‘rsatish va savdo yo‘nalishidagi loyihalar hajmiga qarab 100 million so‘mdan 2.5 milliard so‘mgacha ajratilishi mumkin. Kreditlar yillik 18 foiz stavkada 60 oygacha muddatga beriladi. Shuningdek, tadbirkorlarning faoliyat yuritgan davri hamda yillik aylanmasidan kelib chiqib, kredit summasi oshirilishi mumkin.

Agrobank Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 100 million sumgacha mablag‘ ajratadi. Foiz stavkasi erkaklarga yillik 19-23% ayollarga yillik 17-21%ni tashkil etadi. Bank oshlarga imtiyozli kreditlarni chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha, bogʻdorchilik, issiqxona va texnikalar xaridi uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha, aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun esa 18 oygacha revolver usulida ajratadi.

Xalq banki “Biznesga ko‘mak” tijorat mikrokrediti 36 oygacha bo‘lgan muddatga yillik 27 foiz stavkada taqdim etiladi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 30 million so‘mgacha, rasmiy daromadga ega shaxslar uchun esa 50 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi.

Hamkorbank esa davlat dasturlaridan tashqari xalqaro moliya liniyalari hisobidan ham kredit ajratadi. Arizalarning tez ko‘rib chiqilishi ushbu bankning asosiy afzalliklaridan biri hisoblanadi. Kredit summasi biznes loyiha qiymati va garov ta’minotiga ko‘ra cheklanmaydi. Tijorat kreditlari bo‘yicha yillik stavkalar 22 foizdan boshlanadi.

Kredit olishning oson yo‘li

Bugungi kunda ko‘plab jarayonlar raqamlashtirilgan. Yosh tadbirkorlar uydan chiqmagan holda quyidagi bosqichlarni amalga oshirishi mumkin:

  • “Soliq” mobil ilovasi orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
  • mahalladagi yoshlar yetakchisi orqali elektron tavsiyanoma olish;
  • bepul biznes kurslarida qatnashib sertifikat qo‘lga kiritish;
  • ID-karta, biznes-reja va tavsiyanoma asosida elektron tarzda kredit uchun ariza topshirish.

Katta hayot sari qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun biznes boshlash nafaqat daromad topish vositasi, balki mas’uliyat, tajriba va mustaqillik maktabidir. Davlat va banklar siz uchun moliyaviy poydevor yaratib berishi mumkin. Ammo yakuniy muvaffaqiyat faqat sizning mehnatsevarligingiz, qat’iyatingiz va o‘z g‘oyangizga bo‘lgan ishonchingizga bog‘liq.

Теги :
Jamiyat