$
 12196.00
3.94
 14141.26
144.78
 151.74
8.74
weather
+26
Кечаси   +14°

2026-2030-yillarda toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etiladi

yig

Oʻzbekistonda joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026-2030-yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha taqdimotda aytildi.

Islomiy moliya xizmatlari masalasi koʻrib chiqiladi

Maʼlum qilinishicha, islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalasi koʻrib chiqildi.

Yurtimizda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablagʻlarini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablagʻlarini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq toʻlash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Bunda sotilgan tovar ustamasiga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.

Kengash joriy etiladi

Sohada tizimli boshqaruvni taʼminlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini koʻrsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda koʻmaklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni koʻrib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni taʼminlash bilan shugʻullanadi.

Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, 2026-2030-yillarda esa toʻliq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030-yillarda qoʻshimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mazkur uch yoʻnalish mamlakatimizda zamonaviy moliyaviy va texnologik ekotizimni shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidlab, ularni amaliyotga tatbiq etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Теги :
Jamiyat