$
 12130.01
32.08
 14245.48
50.98
 153.04
1.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon banki o‘zbekistonliklarning sharoitini yaxshilash uchun 250 mln dollar ajratdi. Mablag‘ nimalarga sarflanadi?

Jahon Banki

Jahon banki O‘zbekistonning 16 ta tuman va shahrida aholi va biznes uchun munitsipal infratuzilma va xizmatlarni rivojlantirishga 250 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank axborot xizmati xabar qildi. Ushbu mablag‘lar “Shaharlarda yashash va unumdorlikni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish” (Livable and Productive Cities Program, LPCP) dasturi doirasida ajratilmoqda.

Aholining yarmidan ko‘pi shaharlarda yashaydi

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi shaharlarda yashaydi. 2050-yilga borib bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi kutilmoqda. Urbanizatsiyaning jadallashuvi shaharlarni rejalashtirish va boshqarish tizimi, infratuzilma va kommunal xizmatlar, shu jumladan, jamoat transporti va chiqindilarni boshqarish xizmatlarini takomillashtirishni talab qiladi.

“Shaharlarning nazoratsiz o‘sishi, eskirgan kommunal va ijtimoiy infratuzilma, shuningdek, aholining suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari, yo‘llar va jamoat joylaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi fuqarolarning turmush sifati va biznes unumdorligini pasaytirmoqda. Bu muammolar zilzila, jazirama issiq, shaharlarni suv bosishi kabi tabiiy-iqlimiy favqulodda vaziyatlar ta’sirida yanada chuqurlashmoqda”, — deya ta’kidlaydi bank.

Shu nuqtai nazardan, 2025-yilda mamlakatda hududlarni jadal kompleks rivojlantirish dasturi ishga tushirildi. Dastur jami 3,6 million nafar aholi yashaydigan 16 ta strategik muhim tuman va shaharda infratuzilmaviy va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Qaysi hududlar?

Jahon banki moliyalashtiradigan LPCP dasturi davlat dasturini qo‘llab-quvvatlaydi va 13 ta hududda infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi. Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlari, shuningdek, respublika bo‘yicha 14 ta tuman, jumladan, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot va Hazorasp tumanlari shular jumlasidan.

LPCP dasturi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) tomonidan maqsadli viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Dastur quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:

  • Aholi va biznesning munitsipal infratuzilma va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Bunda ijtimoiy, kommunal, transport, savdo, ishbilarmonlik, turizm infratuzilmasi va jamoat joylarini rivojlantirishga sarmoya kiritiladi. Bular tibbiyot va maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari, jamoat hojatxonalari, yo‘llar, piyodalar hududlari, bozorlar, bog‘lar, shaharni suv toshqinidan himoya qilish inshootlari, shuningdek, tegishli tuman va shaharlarda talab qilinadigan boshqa infratuzilmalardir. Dastur doirasida yerlarning olib qo‘yilishi yoki fuqarolarning majburiy ko‘chirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan infratuzilma loyihalari moliyalashtirilmaydi.
  • Fuqarolarning yashashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, biznesni rivojlantirish, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, tabiiy-iqlimiy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan hududlarni rivojlantirishning bosh rejalari va investitsiya rejalarini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlarining salohiyatini mustahkamlash.
  • Fuqarolar va biznesning bevosita ishtirokida hududlarni rivojlantirishning investitsiya rejalarini ishlab chiqish. Bunda ushbu rejalarga kiritiladigan istiqbolli munitsipal obyektlar va xizmatlar ularning ehtiyojlariga, jumladan, xotin-qizlarning ehtiyojlariga javob berishi, shuningdek, mahalliy iqtisodiyotning o‘sishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga yordam berishi kerakligi inobatga olinadi.

LPCP dasturida ishtirok etuvchi mahalliy hokimiyat organlariga tegishli mablag‘lar quyidagi mezonlarga ko‘ra ajratiladi:

  • hududiy rejalashtirish sifati;
  • kapital xarajatlarni boshqarish;
  • infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va boshqalar.

“Shunday qilib, LPCP dasturi mahalliy hokimiyat organlarini qo‘llab-quvvatlash hajmi ularning faoliyati samaradorligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan mamlakatdagi birinchi moliyaviy model bo‘ladi”, — deyiladi bank xabarida.

2030-yilga kelib LPCP dasturi orqali mamlakatning 16 ta tuman va shahrida 1 millionga yaqin aholining — shundan yarmi ayollar — turmush sharoitlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxshilash rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, dastur doirasida 300 ming kishining transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilanadi, 400 ming aholi uchun jamoat joylari va bog‘lar rivojlantiriladi. Infratuzilma loyihalarining amalga oshirish qurilish sohasida 10 mingga yaqin vaqtinchalik ish o‘rnini yaratish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat