$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

BAA 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqladi: Arab dunyosida misli ko‘rilmagan cheklovlar

Birlashgan Arab Amirliklari 15 yoshga yetmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini butunlay taqiqlagan birinchi arab davlati bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Yangi qoidalarga ko‘ra, 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifa (akkaunt) ochish, ulardan foydalanish va ularni boshqarish man etiladi.

Aynan nimalar taqiqlanadi?

Hukumatning aniqlik kiritishicha, 15 yoshdan kichik bo‘lgan voyaga yetmaganlar ijtimoiy tarmoqlarda kontent joylashtira olmaydi, izoh qoldira olmaydi, postlarni ulashishi (repost qilishi) va ochiq guruhlarga a’zo bo‘lishi taqiqlanadi.

O‘smirlar uchun qanday cheklovlar joriy etilmoqda?

15–16 yoshdagi o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat beriladi, biroq buning uchun qo‘shimcha xavfsizlik choralariga amal qilish talab etiladi. Bular qatoriga kontentni yoshga qarab saralash (filtrlash), notanish kishilar bilan muloqotni cheklash, ekranga termulib o‘tirish vaqtini nazorat qilish, shuningdek, ota-ona nazorati vositalaridan majburiy foydalanish kiradi.

Platformalar oldiga qo‘yilgan yangi talablar

Yangi qoidalar BAA hududida faoliyat yuritayotgan barcha ijtimoiy tarmoqlarga taalluqlidir. Endilikda platformalar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsni raqamli identifikatsiya qilish va yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishga majbur bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tishda shunchaki tug‘ilgan sanani ko‘rsatib qo‘yish endi kifoya qilmaydi.

Bundan tashqari, kompaniyalar 15 yoshga to‘lmagan bolalar tomonidan ochilgan sahifalarni o‘chirib tashlashi, cheklovlarni aylanib o‘tish urinishlarining oldini olishi, shuningdek, maqsadli (target) reklama va foydalanuvchi profilini shakllantirishda voyaga yetmaganlarning ma’lumotlaridan foydalanishni to‘xtatishi shart.

Hukumat nega bunday choraga qo‘l urdi?

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu choralar bolalarni nomaqbul kontentlardan, internetdagi xavfli muloqotlardan, ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolish (qaramlik) dardidan hamda shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq xavf-xatarlardan himoya qilish maqsadida qabul qilingan.

Platformalarga moslashish uchun bir yil vaqt berildi

Ijtimoiy tarmoqlarga o‘z xizmatlarini yangi talablarga muvofiqlashtirish uchun 12 oy muddat beriladi.

Hukumat vakillarining qayd etishicha, bugungi kunda bunday choralar boshqa mamlakatlarda ham faol muhokama qilinmoqda. Xususan, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi Avstraliya, Buyuk Britaniya va qator Yevropa davlatlarida allaqachon joriy etilmoqda yoki ko‘rib chiqilmoqda.

Теги :
Jamiyat