$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

Saida Mirziyoyevaning Venaga tashrifi: PA rahbari Avstriyada nimalar qildi?

Saida Mirziyoyeva

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Avstriya poytaxti Vena shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, global xavfsizlik hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif davomida siyosiy muloqot, huquqiy va ijtimoiy himoya masalalari hamda xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash mavzulari diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston islohotlari Avstriya parlamenti diqqat markazida

Tashrifning muhim siyosiy qismi Avstriya Parlamentida kechdi. Saida Mirziyoyeva Federal kengash Raisi Markus Shtotter hamda Milliy kengash Raisi Valter Rozenkrans bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha batafsil fikr almashildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda kechayotgan ichki o‘zgarishlar alohida e’tirof etildi.

“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga, xususan, jamiyatni demokratlashtirish va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish borasidagi jarayonlarga alohida e’tibor qaratildi”, — deb yozadi Prezident administratsiyasi rahbari.

BMT bilan global tahdidlar va ijtimoiy himoya masalalari muhokamasi

Venada xalqaro xavfsizlik va ijtimoiy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) ijrochi direktori etib yangi tayinlangan Monika Juma bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Suhbat davomida tomonlar giyohvandlik tahdidlariga qarshi kurashish hamda shu yilning aprel oyida o‘tkazilgan Samarqand xalqaro forumidan so‘ng amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildilar. Shu bilan birga, BMT Jinoyatchilikning oldini olish komissiyasining 35-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tomonidan ayollar, bolalar va yoshlar himoyasiga bag‘ishlangan muhim tadbir (sayd-ivent) tashkil etildi. Saida Mirziyoyeva ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun Monika Jumaga minnatdorlik bildirdi.

“Biz BMT GJB bilan xavfsizlik, adolat va barqaror taraqqiyot borasida sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyormiz”, – deya ta’kidladi Mirziyoyeva.

Vatandoshlar bilan uchrashuv

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Vena shahrida xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashdim. Mamlakatimiz vakillarining global miqyosdagi muvaffaqiyatlari va ularning vatan bilan aloqalari alohida e’tirof etildi.

Saida Mirziyoyeva yurtdoshlarimizning xalqaro maydondagi o‘rni va salohiyatiga to‘xtalib, shunday dedi:

“Vatandan uzoqda bo‘lishlariga qaramay, O‘zbekiston bilan mustahkam aloqani saqlab qolayotganlari ayniqsa tahsinga loyiq. Bu kabi uchrashuvlar har safar o‘zgacha faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Yurtdoshlarimiz yuqori kasbiy mahorati bilan xalqaro maydonda o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘layotgani hamda global vazifalar yechimida faol ishtirok etayotganini ko‘rish kishini ruhlantiradi, quvontiradi.”

Prezident administratsiyasi rahbari davlat tomonidan kelgusida ham xalqaro miqyosda malaka oshirishni istagan yosh kadrlar qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

“Bunday malakali mutaxassislar safi yanada kengayishi juda muhim. Biz xalqaro tajriba orttirishni, professional jihatdan o‘sishni, vatanimiz hamda jahonga naf keltirishni istaydigan yosh o‘zbekistonliklarni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz”, – deydi u.

Теги :
Jamiyat