Oʻzbekistonning ATTO kartalaridan Qirgʻizistonda ham foydalanish imkoniyati joriy qilinadi
Shuningdek, Qirg‘izistonliklar O‘zbekiston shaharlaridagi sayohatlarini “Tulpor” kartalari bilan to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qirgʻizistonning “Tulpor” kompaniyasi va Oʻzbekistondagi yoʻlkira toʻlovining avtomatlashtirilgan tizimi operatori ATTO hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi. Bu haqda Bishkek shahri ma’muriyatiga tayanib 24.kg xabar berdi.
Qirgʻizistonliklar O‘zbekistonda “Tulpor” kartalaridan foylanishlari mumkin
Qayd qilinishicha, tez orada Qirgʻiziston aholisi Oʻzbekiston shaharlari boʻylab jamoat transporti yoʻlkira haqini mahalliy “Tulpor” kartalari bilan, qoʻshni davlat fuqarolari esa Bishkekda ATTO kartalari orqali toʻlashi mumkin boʻladi.
“Ushbu hamkorlik nafaqat transport tizimlarini integratsiyalashuvini tezlashtiradi, balki sayohatni hamma uchun qulayroq qiladi”, – deyiladi xabarda.
Ikki tizimni birlashtirishga tayyorgarlik jarayoni allaqachon boshlangani ta’kidlanmoqda.
ATTO
ATTO xabar berishicha, hozirda ikki tizimni integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Avtomatlashtirilgan Transport To‘lov Tizimi Operatori korxonasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-noyabrdagi qarori ijrosi yuzasidan Transport vazirligi huzuridagi “O‘zavtotranstexnika” DUK Ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda “Yagona umumrespublika protsessing markazi” (Uzcard) ishtirokida tashkil etilgan. Iyun oyi boshida markazning ulushi 12,9 foiz edi, qolgan 87,1 foizi Timur Maxmudjanovich Azadovga tegishli bo‘lgan.
Tulpor kartalari
Tulpor – bu Bishkek meriyasi va Shveysariyaning BPC Company o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan kompaniya. Bishkek rasmiylari bilan tuzilgan kelishuv shartlariga ko‘ra, kompaniya o‘z mablag‘i hisobidan loyihani to‘liq ishga tushirgan va validatorlarni o‘rnatishdan tortib, kartochkalarni chop etish va reklamagacha bo‘lgan barcha xarajatlarni qoplagan. “Tulpor”ni ishga tushirish uchun BPC Company 700 ming dollardan ortiq sarmoya kiritgan, buning evaziga har bir yo‘lkiradan 50 tiyin (taxminan 1,5 so‘m) oladi.
Bishkekda Tulpar tizimi 2020-yilning mart oyidan boshlab ishga tushirilgan. Transport kartalaridan Bishkek jamoat transportida (avtobus va trolleybuslarda) foydalanish mumkin.
ATTO kartasini xarid qilish
Eslatib o‘tamiz, 15-maydan Toshkent shahrida joylashgan barcha transport kartalari sotish shoxobchalari faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar qilingan edi.
Endilikda ATTO transport kartalarini xarid qilish, hisobini to‘ldirish va tarif sotib olish xizmatlari UzPost aloqa bo‘limlarida (markaziy pochta bo‘limlarida) amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, metro bekatlarida ham transport kartalarini xarid qilish mumkin.
Shuningdek, respublikaning Samarqand, Buxoro, Andijon, Xorazm, Namangan, Jizzax, Fargona viloyatlari va Qarshi, Termiz, Nukus shaharlari hududida joylashgan UzPost pochta bo‘limlarida ham transport kartasini sotib olsa bo‘ladi.



