Buyuk kelajakka asfalt yo‘llar bilan borib bo‘lmaydi
Asosan, yo‘llarga sement-beton qoplama emas, asfalt yotqiziladi. Bu esa ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan bizga qimmatga tushmoqda.
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston so‘nggi paytlarda tranzit transporti uchun muhim markazga aylanib boryapti. Bunda avtomobillarda yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Qolaversa, aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ishonchli va qulay transport tarmog‘i bilan ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham yurtimizda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, yangi yo‘nalishlar qurish ko‘paygan. Biroq negadir yo‘llarga, asosan, sement-beton qoplama emas, asfalt yotqiziladi. Bu esa ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan bizga qimmatga tushmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Mirhamid To‘rayev va Aleksandr Soyning asfalt va sement-beton yo‘lning iqtisodiy va ekologik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahlili ham fikrimizni isbotlaydi.
Sement-beton qoplamali yo‘llar ancha chidamli
Dunyoda asosan ikki turdagi yo‘l qoplamalari qo‘llaniladi: qayishqoq (asfalt-beton) va qattiq (sement-beton). Yo‘l qoplamalarini qurish va ishlatish amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, har xil iqlim va transport intensivligi sharoitida sement-beton qoplamali yo‘llar (30-yil yoki undan ko‘p) asfalt qoplamali yo‘llarga (8-yildan 12-yilgacha) qaraganda ancha chidamli. Shu sababli transport vositalari tez harakatlanuvchi avtomobil yo‘llari uchun sement-beton qoplamalar varianti eng maqbul, deb tan olingan.
Rivojlangan mamlakatlarda yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan avtomobil yo‘llari uzunligining sezilarli qismi sement-beton qoplamali ekanligi bunday qoplamalardan foydalanish samaradorligi yuqoriligini ko‘rsatadi
AQSHda sement-beton yo‘llar yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan yo‘llar umumiy uzunligining taxminan 60 foizini, Germaniyada 38, Avstriyada 46 foizini tashkil qiladi. Xitoy sement-beton tezyurar yo‘llar qurilishini sezilarli darajada oshirmoqda. Yaponiyada mustahkamligi, oddiyligi va foydalanish muddatini hisobga olgan holda, tezyurar yo‘llardan tashqari, sement-betondan ko‘p qavatli yo‘l o‘tkazgichlari qurilgan.
Sement-beton yo‘llarning muhim afzalliklari
O‘zbekistonda yo‘l qurilishida hamon asosan asfalt-beton qoplamadan foydalaniladi. Barcha yuklarning 95 foizi va yo‘lovchilarning 88 foizi avtomobil yo‘llarida tashiladi. Zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, xalqaro standartlarga muvofiq, sohada yo‘llarni asta-sekin avtomobil o‘qlariga 13 tonnalik yuklamali yo‘llarga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bu esa mustahkamlik xususiyatlarini sezilarli darajada oshirishni talab qiladi.
Ushbu nuqtayi nazardan, sement-beton yo‘llar muhim afzalliklarga ega:
- katta mexanik ta’sirlarga va katta o‘lchamli transport vositalarining og‘irligiga bardoshli va xizmat ko‘rsatish muddati uzoqroq;
- transport kam yoqilg‘i sarflaydi (10-20 foiz);
- mustahkam beton qoplamadan 30 yoki undan ortiq yil davomida ta’mirlash ishlariga muhtoj bo‘lmasdan foydalanish mumkin, asfalt qoplama esa 8-12-yil xizmat qiladi va vaqti-vaqti bilan ta’mirlashni talab etadi;
- qoplama ekstremal ob-havo sharoitlariga, yuqori va past havo haroratiga yoki namlik o‘zgarishiga yuqori chidamlilikka ega.
Tabiiy resurslarni tejash va ekologik xavfsizlik
Bundan tashqari, sement-beton yo‘llarning ekologiyaga zarari ham asfaltga qaraganda ancha kam. Masalan, sement-beton yo‘llarda transport vositalari harakat uchun minimal yoqilg‘i sarflaydi. Shuningdek, tabiiy resurslarni tejash va ekologik xavfsizlik borasida ham sement-beton ustunroq. Negaki, asfalt neftni sanoat usulida qayta ishlash yo‘li bilan olinadi, betonning asosiy tarkibiy qismlari esa zararli kimyoviy moddalar deyarli yo‘q bo‘lgan ohaktoshlardir.
Tuproq va qo‘shimcha qatlamlarni sement bilan mustahkamlash, beton qoplamani yotqizish yoki yo‘llarni rekonstruksiya qilish paytida asfaltning asosini sement bilan mustahkamlash yo‘llarni yanada mustahkam va iqtisodiy jihatdan foydali qiladi. Qurilish vaqti qisqaradi, yo‘lning o‘zi kapital ta’mirsiz bir necha o‘n yillar xizmat qiladi va texnik xarajatlar pastligini oldindan aytish mumkin.
Beton yo‘llar yuqori yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega. Bu asos va pastki qatlamlarga yuklamaning bir xilligini va eskirishga chidamlilik koeffitsiyentini yetarli darajada ta’minlaydi.
Ular barqarorlik xususiyatiga ega, shu jumladan, yuqori va past harorat ta’siriga. Sement-beton yo‘llar sirt yopishqoqligining yuqori koeffitsiyentiga ega. Ularning yorqin yuzasi qorong‘ida yo‘nalish olishni osonlashtiradi va yozda qizib ketishni kamaytiradi. Bundan tashqari, sement-beton aks ettiruvchi effekti tufayli yoritish uchun elektr energiya sarfini 30 foizga kamaytiradi.
Sement-beton qoplamalarini qurishning boshlang‘ich qiymati asfalt-betonga qaraganda 20-40 foiz qimmatroq bo‘lsa-da, hayotiy sikli nuqtayi nazaridan muqobil sement-beton qoplamalarni qurish va ishlatish ancha arzonga tushadi.
Beton issiqxona gazlaridan qutqaradi
«Yashil» qurilish talablariga javob beradigan tabiiy karbonatlanish jarayonida betonning issiqxona gazlarini yutish qobiliyatining ijobiy ta’siri Sharqiy Angliya universiteti tadqiqotlari bilan tasdiqlangan.
Olimlar 1930–2013-yillarda barcha binolar, inshootlar va beton qoplamalar tomonidan atmosfera karbonat angidridning mintaqaviy va global so‘rilishini modellashtirishdi. Bunda 4,5 gigatonna uglerod yoki 16 gigatonna karbonat angidridning so‘rilishi aniqlandi. Bu ularni yaratish jarayonida chiqadigan karbonat angidridning taxminan 43 foizi degani. Sement-beton qoplamalar uglerod izining kamayishiga hissa qo‘shadi.
Perdyu universiteti (AQSH) qurilish muhandisligi kafedrasi olimlari, shuningdek, beton aralashmasiga nano o‘lchovli titan dioksid qo‘shilishi betonning karbonat angidridni bog‘lash qobiliyatini deyarli ikki baravar oshirishini aniqlashdi.
Sement-beton yo‘llarni qurishda asosiy qurilish materiallari sifatida ishlatiladigan mineral xom ashyo — shag‘al, qum, toshlar mamlakatning deyarli barcha hududlarida mavjud. «Yashil» qurilish tamoyillarining joriy etilishi jahon hamjamiyatining e’tiborini tortadi, mamlakatning ijobiy imijini rivojlantirishga ta’sir qiladi.
Hozirgi global ekologik muammolar davrida «yashil» qurilish (Green Sonstruction, Green Buildings)ga o‘tish dolzarb hisoblanib, aynan avtomobil yo‘llari qurilishida ham rivojlangan mamlakatlarning ushbu sohadagi ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Yuqoridagilarga asoslanib, aniq ijobiy ekologik ta’sirni hisobga olgan holda, sement va unga asoslangan materiallardan uzoq muddatda, shu jumladan, avtomobil yo‘llari qurilishida doimiy foydalanishni tavsiya etish mumkin.



