$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi ariq va irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlaganlar jarimaga tortiladi

ariq

O‘zbekistonda ariqlar, irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlaganlar endi jarimaga tortiladi. Bu haqda 28-iyundan kuchga kiradigan qonunda belgilandi.

Jarima miqdori qancha?

Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, 74-modda (suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish) to‘ldirilib, aholi punktlaridagi va tuman (shahar) markazlaridagi ariqlarni, irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlash fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming so‘mdan 1 mln 236 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Suvdan noqonuniy foydalanish

Sun’iy suv oqimlari (ochiq va yopiq kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari), suv havzalari (suv omborlari, sel suvlari to‘planadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) hamda boshqa sun’iy suv obyektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish, ya’ni suvdan xo‘jasizlarcha foydalanish, suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlari, suvdan foydalanish va suv iste’moli rejalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshiriladi.

Amalda fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lsa, 28-iyundan bu miqdor fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 236 ming so‘mdan 2 mln 60 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 884 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) bo‘ladi.

Yuqoridagi huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha (8 mln 240 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat