$
 12132.48
-5.38
 14360.00
-19.72
 159.09
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Pentagonda pitsa ko‘payadimi? AQSh 90 foizlik urush ehtimoli bilan Eronga qachon zarba berishini ma’lum qildi

AQSh va Eron

Vashington va Tehron o‘rtasidagi diplomatik o‘yinlar yakuniga yetmoqda. So‘nggi razvedka ma’lumotlari va harbiy harakatlar AQShning Eronga nisbatan so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik harbiy operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat bermoqda.

Harbiy tayyorgarlik: 90 foizlik ehtimol va “Hujum oynasi”

Donald Tramp ma’muriyatidagi ishonchli manbalar va Axios nashri xabarlariga ko‘ra, Oq uy Eronga zarba berish masalasida yakuniy nuqtaga kelgan. Prezident maslahatchilarining so‘zlariga ko‘ra, harbiy operatsiya boshlanishi ehtimoli 90 foizga baholanmoqda. Garchi prezidentning yaqin doirasi uni ushbu keskin qadamdan qaytarishga urinayotgan bo‘lsa-da, mintaqadagi harbiy mobilizatsiya buning aksini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi 24 soat ichida AQSh Yaqin Sharq mintaqasiga 50 ta eng zamonaviy qiruvchi samolyotlarni (F-35, F-22 va F-16) joylashtirdi. Bu shunchaki ogohlantirish emas, balki keng ko‘lamli havo hujumi uchun zarur bo‘lgan strategik ustunlikni ta’minlash choralari sifatida ko‘rilmoqda.

Operatsiya boshlanishining taxminiy sanasi

CBS News manbalariga ko‘ra, Pentagon 21-fevraldan e’tiboran zarbalar seriyasini boshlashga tayyor holatga keltirilgan. Muhim jihati shundaki, bu galgi harakatlar avvalgi kabi “nuqtali zarbalar” emas, balki bir necha hafta davom etadigan to‘liq ko‘lamli urush ko‘rinishini olishi kutilmoqda.

Operatsiya ko‘lami bo‘yicha AQShning yanvar oyida Venesuelada o‘tkazgan amaliyotidan ancha yirikroq va shafqatsizroq bo‘lishi aytilmoqda. Ekspertlar buni AQShning mintaqadagi so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik harbiy aralashuvi deb atashmoqda.

Isroil faktori va “Mudofaa tayyorgarligi”

Ushbu operatsiyada Isroilning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ynet nashri Isroil xavfsizlik kuchlari eng yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilganini tasdiqladi. 2025-yil iyun oyidagi yadroviy inshootlarga qilingan zarbalardan farqli o‘laroq, bo‘lajak hujum Eronning butun harbiy infratuzilmasini falaj qilishga qaratiladi.

Muhim fakt: Isroil xavfsizlik kabinetining yig‘ilishi 22-fevralga ko‘chirilgan, bu esa 21-fevraldagi ehtimoliy hujumdan keyingi vaziyatni baholash uchun qilingan strategik yurish bo‘lishi mumkin.

Diplomatiyaning inqirozi: Sabr kosasi to‘ldimi?

17-fevral kuni O‘mon vositachiligida o‘tgan muzokaralar rasman “taraqqiyotga erishildi” deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, parda ortidagi haqiqat boshqacha. Vashington Tehronni vaqtni cho‘zish va AQShni chalg‘itishda ayblamoqda.

Al-Jazira diplomatik manbalari AQShning sabr-toqati Tehron kutganidan ko‘ra tezroq tugayotganini ta’kidlamoqda. Pentagonning Yaqin Sharqdagi ba’zi xodimlarini vaqtincha Yevropaga ko‘chirishi ham yirik to‘qnashuv oldidan “ortiqcha yo‘qotishlarning” oldini olish chorasi sifatida talqin qilinmoqda.

Hali “yashil chiroq” yoqilmagan

Vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyo 21-fevral kuni yangi va yirik harbiy mojaroning guvohi bo‘lishi mumkin. Donald Tramp hali yakuniy “yashil chiroqni” yoqmagan bo‘lsa-da, 90 foizlik tayyorgarlik va mintaqaga tashlangan ulkan harbiy kuch diplomatiya tili o‘rnini qurol tili egallashiga ishora qilmoqda.

Pentagon pitsa nazariyasi

Xabaringiz bo‘lsa, Venesuela prezidenti Maduroning qo‘lga olinishi ortidan saytimizda “Pentagon pitsa nazariyasi” haqida maqola e’lon qilgan edik. Unga ko‘ra, har muhim harbiy voqealar oldidan Pentagon atrofidagi pitsa tarmoqlarida buyurtmalar keskin oshishi haqida ma’lumotlar keltirilgan edi. Agar, ushbu nazariyani bugungi xabarlarga bog‘laydigan bo‘lsak, X sahifasidagi Pentagon Pizza Report sahifasi post qoldirdi. Unda ta’kidlanishicha, AQSh vaqti bilan kecha soat 17:00 atrofida Pentagon yaqinidagi pitseriyalarda buyurtmalar odatdagidan ko‘ra ko‘paygan.

Теги :
Jamiyat