AQShda Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari soxta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilish ishi bo‘yicha hibsga olindi
Ular 2023-yilning fevral va mart oylarida Pinellas okrugi saylov komissiyasiga 132 ta soxta saylovchi ro‘yxatga olish arizasi topshirgan. Har bir ayblov bandi bo‘yicha ularga besh yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh huquq-tartibot organlari Floridada yashovchi ikki xorijlik fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga soxta arizalar topshirganlikda ayblab hibsga oldi.
132 ta soxta saylovchi
AQSh prokuraturasining ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya fuqarosi, 45 yoshli Dmitriy Shushlebin, u Mayami-Bich shahrida yashagan, hamda O‘zbekiston fuqarosi, 33 yoshli Sanjar Jamilov, u esa Sent-Pitersberg (Florida) shahrida istiqomat qilgan, 2023-yilning fevral va mart oylarida Pinellas okrugi saylov komissiyasiga 132 ta soxta saylovchi ro‘yxatga olish arizasi topshirgan.
Ishning xatosi
Tergovchilar ushbu arizalar soxta shaxslar nomidan rasmiylashtirilganini, ularda bir xil tug‘ilgan sanalar, takroriy manzillar va deyarli ketma-ket ijtimoiy sug‘urta raqamlari ko‘rsatilganini aniqlashdi. Shuningdek, AQSh pochta xizmatiga arizalar topshirilib, soxta ro‘yxatlar bo‘yicha yuboriladigan xatlar ayblanuvchilarga tegishli manzillarga yo‘naltirilgani taxmin qilinmoqda.
5 yilgacha qamoq jazosi
Shushlebin va Jamilov fitna uyushtirish va to‘rtta epizod bo‘yicha soxta saylovchi ro‘yxatga olish arizalarini topshirishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, Shushlebin ikki marta yolg‘on guvohlik berganlikda ham ayblanmoqda. Har bir ayblov bandi bo‘yicha ularga besh yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Tergov davom etmoqda
Bunga qadar, Florida shtati Departamenti saylov bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tergov boshqarmasiga murojaat qilganidan keyin tekshiruv boshlangan edi. Ish bo‘yicha FBR, AQSh pochta inspeksiya xizmati va Florida huquq-tartibot departamenti tergov olib bormoqda.
Sudda ayblov tomonini prokurorlar Leo J. Uayz va Daniel J. Marset himoya qilmoqda.



