$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh o‘zbekistonlik muhojirlarini Panamaga deportatsiya qildi

AQSh chegarasi

AQSh ikki davlat oʻrtasidagi kelishuv doirasida Panamaga turli millatga mansub 119 nafar muhojirni joʻnatgan. Bu haqda Panama prezidenti Xose Raul Mulino ma’lum qildi.

Deportatsiya qilinganlar qayerdan?

Deportatsiya qilinganlarni olib ketayotgan birinchi samolyot chorshanba kuni yetib keldi. Yoʻlovchilar orasida Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston, Eron, Nepal, Pokiston, Shri-Lanka, Turkiya, Oʻzbekiston va Vetnam fuqarolari bor. Yaqin kelajakda yana ikkita reys amalga oshirilishi kutilmoqda. Umuman olganda, Qo‘shma Shtatlar Panamaga 360 kishini jo‘natmoqchi.

Panama bilan hamkorlik

Uyga qaytishdan oldin muhojirlar Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiyaning mashhur yo‘nalishi bo‘lgan Darien o‘rmoni yaqinidagi boshpanaga joylashtiriladi.

Mulino avvalroq AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan ko‘proq muhojirlarni deportatsiya qilish imkoniyatini muhokama qilgan edi. Panama va AQSh, shuningdek, Vashington hisobidan venesuelaliklar, kolumbiyaliklar va ekvadorliklarni vataniga qaytarish bo‘yicha kelishuvni kengaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

60 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich

New York Post nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin AQSh chegarasini kesib o‘tuvchi noqonuniy migrantlar soni 90 foizga kamaydi.

Qayd etilishicha, fevral oyida chegarachilar kuniga o‘rtacha 359 nafar migrantni qo‘lga olgan — bu oxirgi 60 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.

Tramp nazoratni kuchaytirish uchun chegaraga 1,5 ming harbiyni jalb etgan va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan kelishuvga erishgan.

Tramp barcha boshpana izlovchilar o‘z maqomi bo‘yicha qarorni Meksika hududida kutishlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington Meksika tovarlariga 25 foizli boj joriy etish bilan tahdid qilganidan keyin mamlakat migrantlar oqimini tutib qolish uchun 10 ming harbiyni chegaraga yuborgan. Bundan tashqari, Tramp barcha boshpana izlovchilar o‘z maqomi bo‘yicha qarorni Meksika hududida kutishlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Fevral boshidan beri AQShda mamlakat qonunlarini buzgan noqonuniy migrantlarga qarshi keng ko‘lamli reydlar boshlangan. Natijada, 11 ming kishi qo‘lga olingan bo‘lib, ularning bir qismi harbiy samolyotlarda deportatsiya qilingan.

Jo Bayden va Tramp

Jo Bayden boshqaruvi davri bilan taqqoslaganda, AQShda noqonuniy migrantlar oqimi keskin kamaygan. 2023-yilda chegarachilar kuniga o‘rtacha 5590 kishini ushlagan bo‘lsa, 2024-yil boshida ushbu ko‘rsatkich 2872 kishini tashkil etgan, hozirda — 369 kishiga tushgan.

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi migrantlar bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratib, AQSh-Meksika chegarasida favqulodda holat e’lon qilgan va nazorat-o‘tkazish punktlarini yopgan edi. Shuningdek, u noqonuniy migrantlar ommaviy deportatsiya qilinishini aytdi. Meksika AQSh hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan noqonuniy migrantlar uchun asosiy tranzit mamlakati hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat