“Yengil” viza: AQShga yangi yo‘l ochildi
Donald Tramp 2026-yilgi Jahon chempionati uchun chiptaga ega bo‘lgan sayyohlar AQSh elchixonalari va konsulliklarida viza suhbatiga ustuvor tartibda chaqirilishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp 2026-yilgi Jahon chempionati uchun chiptaga ega bo‘lgan sayyohlar AQSh elchixonalari va konsulliklarida viza suhbatiga ustuvor tartibda chaqirilishini ma’lum qildi.
“Chipta viza emas”
AQSh davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, chipta vizani avtomatik tarzda kafolatlamaydi. Lekin, suhbatga chaqirish muddatini sezilarli darajada tezlashtiradi. Davlat kotibi Marko Rubio chiptalar xavfsizlik tekshiruvlariga ta’sir qilmasligini, barcha tartib-qoidalar avvalgidek kuchda qolishini ta’kidladi. Uning aytishicha, xorijlik muxlislar 6–8 hafta ichida suhbatga taklif qilinishi mumkin.
Rubio shunday dedi: “Chipta viza emas va AQShga kirishni kafolatlamaydi. Farqi shundaki, bunday fuqarolar navbatda ustuvorlikka ega bo‘ladi.”
10 million muxlis tashrifi
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika hududida o‘tkaziladi, o‘yinlarning asosiy qismi AQShda bo‘lib o‘tadi. FIFA prezidenti Janni Infantino musobaqaga 10 milliongacha muxlis tashrif buyurishi mumkinligini qayd etdi.
JCh-2026 chiptalarining narxlari qanday?
2025-yil sentyabrdan boshlab Jahon Chempionati chiptalari bosqichma-bosqich sotuvga chiqarildi. Dastlabki “Visa Presale Draw” jarayonida muxlislar FIFA ID orqali ro‘yxatdan o‘tib, tanlanganlarga maxsus vaqt berildi.
Biroq bu vaqt chipta olish kafolatini bermaydi.
Chipta narxlari (bosqich va joyga qarab):
•Guruh bosqichi: $60 – $620
•Ochilish o‘yinlari:
– Mexiko: $370 – $1,825
– Toronto: $355 – $1,745
– Los-Anjeles: $560 – $2,735
•1/16 final: $125 – $665
•1/8 final: $170 – $890
•Chorak final: $275 – $1,690
•Yarim final: $420 – $2,780
• 3-o‘rin uchun o‘yin: $165 – $1,000
Final (Nyu-Jersi, MetLife Stadium): $2,030 – $6,370
Ta’kidlanishicha, narxlar mamlakatga qarab farq qiladi, masalan AQShdagi o‘yinlar Meksikadagi o‘yinlarga nisbatan qimmatroq.



